O‘zbekiston | 22:40 / 26.07.2025
10984
14 daqiqa o‘qiladi

iPhone va avtosug‘urtada yangi narxlar, Navoiyda qalin smog - hafta dayjesti

O‘qituvchilarning o‘rtacha maoshi nihoyat 4 millionga yetdi: narxi oshirilgan iPhone olish uchun ular nechta oyligini yig‘ishi kerak? Iqtisodiy o‘sish tezlashgani sezilmayapti: aholi real daromadlari o‘sishi sekinlashgan. Ishdagi ishq tillarda doston: amaldor shakarguftorlik uchun xizmat xonasini va selektor vaqtini tanladi. Ortda qolayotgan hafta voqealari – Kun.uz dayjestida.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

O‘qituvchilar oyligi qanchaga yetdi?

O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi o‘rtacha oylik nihoyat 4 mln so‘mga yetdi. Statistika qo‘mitasiga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida pedagoglarning o‘rtacha maoshi 4 mln 142 ming so‘mni tashkil etgan. Daromad solig‘ini chegirib tashlab, dollarga o‘girganda, o‘qituvchilarning qo‘liga tegayotgan o‘rtacha summa 285 dollarga teng. Bu raqam tibbiyot sohasida bundan-da kam: sog‘liqni saqlash sohasidagilar o‘rtacha 255 dollarga ishlashmoqda.

Sohalar kesimida 16,3 mln so‘m o‘rtacha maosh bilan bank-moliya xodimlari birinchi o‘rinda bormoqda. Axborot va aloqa sohasidagi maoshlar esa 14,8 mln so‘mga yetgan. Boshqa hech qaysi sohada o‘rtacha oyliklar 10 mln so‘mga bormaydi. Hududlar kesimida Toshkent shahrida o‘rtacha oyliklar ilk marta 10 mln so‘mdan oshgan, qolgan aksariyat hududlarda rasmiy maoshlar poytaxtdagidan 2 barobar kam va oradagi farq borgan sari oshishda davom etyapti.

Boshqa bir statistikaga ko‘ra, birinchi yarim yillikda O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti prognozlardan yuqoriroq – 7,2 foizga o‘sgan. Aholining real daromadlari esa 9,5 foizga oshgan va bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,4 foiz bandga past. Ya’ni, iqtisodiy o‘sish tezlashgan bo‘lsa-da, odamlar buni o‘z cho‘ntagida sezmayapti, chunki aholining real daromadlari o‘sishi sekinlashgan. Bunda, xorijdan pul o‘tkazmalari sezilarli tarzda, 27 foizga ko‘paygani ham odamlarning topish-tutishi yaxshilanish sur’atini tezlashtira olmagan.

Eslatib o‘tamiz, budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar 1 avgustdan boshlab 10 foizga oshadi. Avvalroq, 1 iyuldan e’tiboran pensiya va nafaqalar ham 10 foizga ko‘tarilgandi.

O‘zbekistonda premium klassdagi telefonlar narxi oshdi

Ijtimoiy tarmoqlarda iPhone narxlari oshgani haqidagi xabarlar Kun.uz o‘tkazgan o‘rganishlarda o‘z tasdig‘ini topdi. Ma’lum bo‘lishicha, oxirgi bir oyda iPhone 16 Pro Max telefoni narxi 11 foizga, ya’ni xotirasining hajmiga qarab 120 dollardan 190 dollargacha oshgan. Masalan, shu telefonning 256 GB xotiralisi 1240 dollardan 1400 dollargacha qimmatlashgan. Bu – o‘rtacha o‘qituvchining 5 oylik maoshiga teng.

iPhone narxlarining ko‘tarilishi, katta ehtimol bilan, “kulrang” import sxemalari orqali kirib kelayotgan telefonlarni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlari oshgani bilan bog‘liq: endilikda noqonuniy olib kirilgan smartfonni registratsiya qilish uchun xorijga chiqib kelgan vatandoshning pasport ma’lumotlari bo‘lsa kifoya emas, ularning nomidan to‘ldirilgan va qabul qilingan deklaratsiya ham bo‘lishi kerak. Shu tariqa, yangi tartib asosida davlat bir tomondan noqonuniy importchilarga zarba berib, budjetga tushumlarni oshirdi, lekin ikkinchi tomondan, baland bojlarni baribir yakuniy xaridorlar, ya’ni iste’molchilar to‘layapti.

Telefonlar ko‘plab insonlar uchun shunchaki aloqa vositasi emas, bevosita ish quroli ekanidan kelib chiqsak, bu narx oshishi ular ko‘rsatadigan xizmatlarning tannarxini ham oshirgani ma’lum bo‘ladi. Bu esa zanjir reaksiyasi orqali butun iqtisodiyot miqyosida inflyatsion bosimlarni kuchaytiradi. Oddiyroq aytganda: “Menga nima, men iPhone ishlatmayman” deganlar adashadi: istalgan bitta tovarning qimmatlashishi, unga umuman aloqasi yo‘qdek ko‘rinadigan boshqa har qanday tovarning narxiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Buning isbotini shu hafta Markaziy bank taqdim etgan infografikada ham ko‘rish mumkin. Unga ko‘ra, O‘zbekistonda narxi kuzatib boriladigan nooziq-ovqat mahsulotlari orasida oxirgi bir yilda deyarli hech qaysi tovarning narxi arzonlashmagan. Yagona istisno – maktab daftari va A4 qog‘oz. 12 oy davomida boshqa birortayam nooziq-ovqat mahsulot bahosini pasaytirishning iloji bo‘lmagan. Bunga sabablar qatorida, antireytingni boshqarib turgan metanning 36 foizga qimmatlashgani alohida o‘rin tutishi shubhasiz.

“OSAGO”da yangi tariflar

Markaziy bankning narxlar haqidagi yangicha infografikasida faqat tovarlar statistikasi keltirilgan, pulli xizmatlar esa qamrab olinmagan. Lekin kelgusida bu borada yetakchilikni qaysi xizmat qo‘lga olishi ma’lum: bu – majburiy avtosug‘urta.

Chorshanba kuni imzolangan hukumat qaroriga asosan, transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalash to‘lovlari 2019 yildan beri birinchi marta oshadigan bo‘ldi. Haydovchilar soni cheklangan sug‘urta polisining narxi yengil avtomobillar uchun Toshkent shahrida 56 ming so‘mdan 192 ming so‘mga (3,4 barobar), viloyatlarda 40 ming so‘mdan 160 ming so‘mga (4 barobar) ko‘tariladi. Sug‘urta hodisasi ro‘y bergan taqdirda qoplab beriladigan zararning maksimal summasi esa 40 mln so‘mdan 80 mln so‘mgacha oshadi. Yangi tariflar 2026 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Bu o‘zgarishga qator sabablar aytilyapti. Avvalo, tariflarning 5 yildan beri o‘zgarmay kelishi natijasida, sug‘urta kompaniyalari uchun bu polislarni sotish foydasiz bo‘lib qolgan. Qolaversa, hozirda 40 yoki 56 ming so‘mga sotib olinadigan polisning sug‘urta summasi hammani ham qoniqtirmayapti: 40 mln so‘mlik summadan 14 millioni avtomobilga, 26 millioni esa YTH jabrlanuvchisiga yetgan zararni qoplab berishni ko‘zda tutadi. Lekin agar oddiyroq oiladan bo‘lgan haydovchi qimmat emas, o‘rtacha klassdagi biror mashinani urib olsa ham, yetkazilgan zarar qiymati 14 milliondan oshishi mumkin. Agar jabrlanuvchilar soni bir nechta bo‘lsa, sug‘urta beradigan 14 mln so‘m pul ular o‘rtasida bo‘linadi. Zararni qoplash uchun yetmay qolgan summa esa, tabiiyki, aybdor haydovchining zimmasiga tushadi.

Hukumat qarorida boshqa bir yangilik ham bor. Unga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab, agar haydovchi oxirgi 12 oy ichida biror-bir YTHda aybdor deb e’tirof etilgan bo‘lsa, u navbatdagi majburiy avtosug‘urta polisini oshirilgan tarifda sotib olishga majbur bo‘ladi. Shuningdek, qaror bilan, majburiy avtosug‘urta qilmasdan avtomobil boshqarganlik uchun ma’muriy javobgarlikni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Navoiyda qalin smog: ifloslanish manbasini aniqlashga 1 hafta ham yetmadi

Navoiy shahrini zaharli tutun qoplaganiga bir hafta bo‘ldi hamki, rasmiylar buning sababini aniq ayta olmayapti. 13, 19, 21 va 22 iyul kunlari shaharni o‘tkir hidli qalin tutun qoplab, odamlarda yo‘tal va boshqa asoratlarni keltirib chiqargan. “Bolalarimiz sog‘ligidan xavotirlanib qoldik, qachongacha bunday zaharli tutun ichida yashaymiz, bilmaymiz”, dedi Kun.uz suhbatlashgan navoiyliklardan biri.

“Navoiyazot” bir necha bor bayonotlar berib, bu tutunga zavodning aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Zavodda o‘rnatilgan kamera tasvirlaridan, changsimon tutun sobiq elektrokimyo zavodi o‘rnida qurilgan korxonalardan chiqayotganini ko‘rish mumkin. Viloyat ekologiya boshqarmasi avvaliga holat bo‘yicha “Navoiyazot”ni ayblayotgan edi, lekin kompaniyaning qat’iy raddiyalaridan keyin, ekologiya organi asl sababchilarni qidirishga tushib ketdi va asosiy e’tiborini Elektroapparatdagi korxonalarga qaratdi.

“Xulosalar chiqib, mutaxassislar tasdiqlamaguncha, hozir aytib qo‘ysam noto‘g‘ri bo‘ladi. Lekin biz manbasini topib, uni albatta jazolaymiz. Aniqlangan korxonaning faoliyatini to‘xtatish bo‘yicha sudga murojaat qilamiz”,dedi ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov Toshkentda o‘tgan matbuot anjumanida.

Smog kunlari “Navoiy” telekanalining tonggi dasturi boshlovchisi Ruxsora Boboqulova jonli efirda haqiqatni gapirgani bilan navoiyliklar olqishiga sazovor bo‘ldi. U Navoiy shahri aholisi tongni kofe bilan emas, zaharli tutun bilan qarshi olayotganini aytganidan keyin, kutilmaganda u olib boradigan tonggi dasturning jonli efirda uzatilishi to‘xtab qoldi. Kun.uz manbalariga ko‘ra, bu to‘xtash jurnalistning efirdagi gaplari bilan bog‘liq bo‘lgan: Boboqulovaning chiqishi internetda ovoza bo‘lgach, telekanal rahbari Akrom Muqimov telefonlarsiz yig‘ilish o‘tkazib, dastur endi yozib olingan holda efirga berilishini aytgan. Ertasiga shunday bo‘lgan ham.

Senzura haqidagi xabar internetda tarqalgach, oradan bir kun o‘tib jonli efir tiklandi. Muqimov Kun.uz bilan suhbatda bir kunlik to‘xtashni “studiyadagi ta’mirlash ishlari” bilan izohladi. Yig‘ilishdan oldin nega jurnalistlarning telefoni yig‘ib olindi, degan savolga esa telekanal rahbari “gaplarim tashqariga chiqib ketyapti” degan mazmunda javob berdi.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Energetika tizimi hali-hanuz yoz fasliga tayyor emasligi oydinlashdi. Poytaxt Toshkentning aksariyat qismlarida har kunlik rejali o‘chirishlar odatiy holga aylanib qoldi. “Hududiy elektr tarmoqlari” transformatorlarni yonib ketishdan saqlash uchun shunday qilinayotganini aytib bayonot berdi, lekin keyin bayonotini o‘chirib yubordi. E’tiborlisi, har doim muammo taqsimlash tarmoqlarida deb aytib kelingan bo‘lsa, bu gal endi hatto yuqori kuchlanishli magistral tarmoqlar ham kuchlanishni ko‘tara olmayotgani tan olindi. Bosh prokuratura tekshiruv o‘tkazib, poytaxt energotizimidagi qator kamchiliklarni aniqladi; 28 nafar mansabdor, xususan shahar ETK boshlig‘i intizomiy javobgarlikka tortildi.

Yoz jaziramasi o‘rmon yong‘inlari xavfini oshiryapti. Hafta o‘rtalarida “Surxon” davlat qo‘riqxonasidagi bir necha gektar maydon olov ichida qoldi. Qiyinchilik bilan o‘chirilgan olov ertasiga yana qayta alanga olishi kuzatilmoqda. Xuddi shunday, Chorvoq suv ombori yaqinida chiqqan o‘rmon yong‘ini ham o‘chirilganidan keyin ertasi kuni yana takrorlandi. Surxondaryoda ham, Bo‘stonliqda ham yong‘inlarni o‘chirishga Harbiy havo kuchlarining vertolyotlari jalb qilindi.

Toshkent yana bir yashil makonidan ayrilgani ma’lum bo‘ldi. Mirobod bozori qarshisida joylashgan sobiq harbiy gospital hududidagi daraxtzor bir yil oldin yo‘qotilgan ekan. Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga qaraganda, 2024 yilning aprelida hudud yam-yashil bo‘lgan, 2024 yil avgustida olingan suratlarda esa daraxtzorning o‘rni taqir qurilish maydoniga aylanganini ko‘rish mumkin. Ekopartiya bu borada bosh prokuror va ekologiya vaziriga so‘rov yubordi.

Ishdagi ishq selektor vaqtida oshkor bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoqlarda davlat xizmatchisi xizmat xonasida ayol kishini quchoqlab o‘tirgani aks etgan surat tarqaldi. Uning bu harakati onlayn videoselektor yig‘ilishida kameraga tushib qolgan. Kun.uz surishtiruvidan ma’lum bo‘lishicha, bu amaldor Kattaqo‘rg‘on shahar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik bo‘limi boshlig‘i bo‘lgan va u voqeadan keyin ishdan olingan. Boshliqning quchog‘ida o‘tirgan ayol ham ishdan bo‘shatilgan (uning qanday lavozimda ishlagani ma’lum emas). Bu voqeadan keyin tarmoqlarda ayrimlar yaqinda AQShda Astronomer kompaniyasining rahbari bilan konsertda ro‘y bergan hodisani yodga oldi.

Hindiston rasmiylari talabalarga Toshkent davlat tibbiyot universitetining Chirchiq filialida o‘qimaslikni tavsiya qildi. Mamlakat milliy tibbiyot kommissiyasi bu oliygohni “Hindistonning tibbiy ta’lim standartlariga mos emas” deb topgan. Tavsiya etilmaydigan ta’lim maskanlari ro‘yxatiga tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha Beliz davlatidagi yana uchta oliygoh ham kiritilgan. Bunga TDTU rasmiy munosabat bildirib, hindistonliklarning xavotirlarini “asossiz” deb atadi. Eslatib o‘tamiz, aprel oyida hindistonlik bir talaba Toshkent tibbiyot akademiyasidagi ta’limni rasvo deb atagan, Oliy ta’lim vazirligi buni rad etgandi.

Click to‘lov tashkilotining 49 foiz ulushini Qozog‘iston Xalq banki (Halyk Bank) sotib olmoqda. Sotilayotgan ulush qiymati 176,4 mln dollarga baholandi. Kelishuv doirasida, Halyk Bank'ning O‘zbekistondagi sho‘basi – Tenge bankning 49 foizi qariyb 61 mln dollar evaziga Click ixtiyoriga o‘tadi. Shu tariqa, onlayn to‘lov tizimlari bozorida ustun mavqega ega Click'ning jami baholangan qiymati 360 mln dollarni tashkil etmoqda. Ma’lumot uchun, xuddi shu bozorda ustun mavqega ega ikkinchi kompaniya – Payme'ning 100 foizini sotib olish bir necha yil oldin Gruziyaning TBC bankiga ikkita bitim asosida qariyb 61 mln dollarga tushgandi. Eslatib o‘tamiz, Click ikki yil oldin Uzum ekotizimi bilan birlashishini e’lon qilgan, lekin konsentratsiya amalga oshmagandi.

Muallif – Komron Chegaboyev
Doimiy boshlovchi – Bobur Akmalov
Surdotarjimon – E’zoza Ahmedova
Tasvirchi – Shohruz Abdurayimov

Mavzuga oid