Jamiyat | 12:10 / 27.10.2017
42726
9 daqiqa o‘qiladi

O‘zining qonuniy mulki uchun bozorga ijara to‘layotgan tadbirkor qismati

Azaldan xalqimizda purma'no bir naql bor: «Otang - bozor, onang - bozor». Negaki, mana shu maskanda minglab kishining yumushi osonlashadi, yana shuncha insonning qora qozoni qaynaydi. Savdo rastalarini to‘ldirib turgan, bozordagi jo‘shqin hayotni to‘lqinlantirib borayotgan tadbirkorlar esa bozorning ajralmas jismi hisoblanadi. Shunga qaramay, Chorsu mavzesidagi «Eski juva dehqon bozori» AJda o‘ziga tegishli bo‘lmagan xususiy mulk maydonida faoliyat olib borayotgan ishbilarmonlardan katta to‘lovlar talab qilinmoqda.

2010 yil «Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror e'lon qilingandi. Qarorning 4-bandida «bozorlar va savdo komplekslarining ma'muriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovi va ko‘rsatilgan xizmatlar qiymati miqdorlarini tasdiqlash» belgilangan. Ushbu qaror ijrosini ta'minlash maqsadida, 2010 yili to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini tashkil etish va nazorat qilish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlangan.

Bozor hududida umumiy foydalaniladigan obektlarni saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan majburiy xizmatlar uchun alohida stavkalar joriy qilingan. Aslida bundan to‘lovlar ko‘rsatilgan xizmat uchun bozor ma'muriyati va mulk egalari o‘rtasida qonun hujjatlariga muvofiq tuziladigan shartnomaga asosan oshirilishi aniq qilib ko‘rsatilganiga qaramasdan, «Eski juva dehqon bozori» AJ tadbirkorlar oldiga yuqorida ta'kidlangan to‘lovlarni to‘lash majburiyatini shartnoma taqdim etmay amalga oshirmoqda.

Mantiqan fikrlab qaralsa, tadbirkor bozor hududidagi qaysi umumiy foydalanishdagi obekt va uni saqlashga qancha mablag‘ sarf bo‘layotganini bilishga haqlimi? Bu raqamlar o‘zaro tuzilgan shartnoma aks etishi lozim.

«Eski juva dehqon bozori» AJ esa bunday taklifdan bosh tortib, bir kvadrat metr uchun har oyda 4800 so‘m etib belgilangan yagona stavka bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirishni talab etgan.

Mayli, shartnoma masalasi o‘z yo‘liga, lekin shu bozor bilan bog‘liq boshqa bir qiziq holatga e'tibor qilsak.

Masala juda jo‘n: «Eski juva dehqon bozori» AJ hududidagi bir nechta inshoot ayrim tadbirkorlarga avvallari mulk huquqi qilib berilgan. Ya'ni, ushbu yer va binolarda bozorning haqqi yo‘q, ular rasman MChJlarning mulki hisoblanadi. Faqat ularning birgina aybi, bozorning ichida joylashib qolganida. Tasavvur qilishingiz uchun aytamiz, ular xuddi Italiya ichida joylashgan anklav Vatikan davlatiga o‘xshaydi. Qo‘shimcha ma'lumot sifatida aytish mumkinki, ushbu MChJlar barcha kommunal to‘lovlari uchun mustaqil shartnoma qilishgan va davlatga tegishli haqni to‘lab kelishmoqda. Bozorning elektr, suv va gazidan foydalanishmaydi.

«Eski juva dehqon bozori» AJ esa ushbu tadbirkorlik sub'yektlarini sudga berdi. Maqsad ko‘rsatiladigan majburiy xizmatlar uchun ulardan ham to‘lovni undirishdir.

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi I.B. Rajabov da'vogar «Eski juva dehqon bozori» AJning javobgar «Oltin gumbaz» MChJdan 123.033.600 so‘m undirib berish to‘g‘risidagi da'vo arizasini qanoatlantirmadi. Negaki, «Oltin gumbaz» MChJ o‘ziga tegishli yer maydonida qurilgan shaxsiy mulkida o‘z faoliyatini amalga oshirib kelgan. Masala juda oddiy tartibda hal qilindi.

Biroq, Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining boshqa bir sudyasi xuddi shunga o‘xshash ish bo‘yicha «Eski juva bozori dehqon» AJning talablarini qanoatlantirdi. Qarordan norozi bo‘lgan «Tohir-zuhra servis» MChJ joriy yilning 28 sentabr kuni apellyatsiya instansiya tartibida sudga qaytadan shikoyat qildi, lekin bu shikoyatdan ham naf chiqmadi. Birinchi instansiya sudi chiqargan qaror o‘z kuchida qoldi.

Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk davlat kadastri korxonasi ma'lumotiga ko‘ra, «Tohir-Zuhra servis» MChJga tegishli bino bozor hududida emas, balki o‘zining yerida joylashgan. Davlat soliq qo‘mitasining Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, jamiyat o‘ziga tegishli 432 kv.m yer maydonidan kelib chiqib soliqlarni to‘lab keladi.

Kun.uz muxbiri ishtirok etgan apellyatsiya sudi majlisida Shayxontohur tuman yer tuzish va ko‘chmas mulk davlat kadastri bo‘limidan vakil sifatida qatnashgan A.To‘ychiyev garchi hudud jamiyatning o‘ziga tegishli ekanini tan olib aytsa ham, «u bozor maydonida joylashgan», deb qat'iyat bilan ta'kidladi.

Tabiiy savol, qanday qilib bitta hudud ikki sub'yektga tegishli bo‘ladi? MChJ uchun berilgan mulk huquqi unda qayerda qoladi? So‘x tumani Qirg‘iziston yerida joylashgani bilan, O‘zbekiston hududi hisoblanadi-ku!?

Shuningdek, Davlat soliq qo‘mitasidan vakil sifatida sud majlisida ishtirok etgan M.Abdullayev «bozor umumiy tushumlaridan 50 foizidan ortig‘ini mahalliy byudjyet» hisobiga o‘tkazishini vaj qilib keltirib, suddan «Eski juva bozori» AJning da'vosini qanoatlantirishni so‘ragan. Mantiqan o‘ylab ko‘rilsa, davlat byudjyetiga borib tushadiku, deb tadbirkorning qonuniy manfaatiga zid bo‘lgan talabni qo‘yish to‘g‘rimi?

Ushbu sud ishida ishtirok etgan shahar prokurori yordamchisi F.Mustafoyev da'voni qanoatlantirmay, ishni qayta ko‘rib chiqishni so‘radi. Ammo apellyatsiya hay'ati ushbu fikrlarni inobatga olmadi hamda tadbirkorni 70 million so‘mdan ortiq mablag‘larni bozor hisobiga o‘tkazish haqidagi qarorni o‘z kuchida qoldirdi.

Baribir ayrim savollar ochiq qolib ketmoqda: bozor infrastrukturasidan foydalanmaydigan, biroq taqdir taqozosi bilan bozorning ichida joylashib qolgan MChJning mulki daxlsiz emasmi?

Yana bir jihatiga e'tibor qaratish lozim. Sud qaror chiqarganda Adliya vazirligi tomonidan 2185-son bilan ro‘yxatga olingan Nizomning 2-bandi bo‘yicha «Tohir-Zuhra servis» MChJ «Eski juva bozori dehqon» AJga ijara to‘lovlarini to‘lashi lozimligiga asoslangan.

Biroq xuddi shu nizomning 8-bandida quyidagicha qoida belgilangan:

«Bozorlar, savdo komplekslari va ularning filiallarining ma'muriyati tasarrufida bo‘lgan binolar, inshootlar hamda boshqa mol-mulkdan va ularning xizmatlaridan belgilangan tartibda foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar ijara to‘lovlari va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlar to‘lovchilari hisoblanadi».

Matnning qoraytirilgan qismiga e'tibor bersangiz, bozorlar faqat o‘ziga tegishli bo‘lgan bino va inshootlardangina ijara haqi undirishi mumkinligiga amin bo‘lasiz. Lekin sud jarayonida mulkning qonuniy egasi bozor emas, balki «Tohir-Zuhra servis» MChJ ekanligiga e'tibor qaratilmaganga o‘xshaydi. Boshqacha aytganda, MChJ o‘zining qonuniy mulki uchun bozorga ijara haqi to‘lamoqda.

Xulosa qilish o‘zingizdan. Biz bo‘lib o‘tgan voqeani imkon qadar xolisona yoritishga harakat qildik. Ushbu maqola ortida fuqarolar orasida odil sudlovga nisbatan ishonchsizlik ruhini paydo qilish niyati emas, aksincha haqiqatni yuzaga chiqarishda jamoatchilik nazorati sifatida yordam berish maqsadi ko‘zlangandir.

Umid qilamizki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi ushbu holatga e'tibor qaratadi va qonunda nazarda tutilgan tartibda ko‘rib chiqadi.

Mavzuga oid