O‘zbekiston | 10:04 / 07.10.2025
31685
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada IIB xodimlari kaltaklab, yalang‘och holda tasvirga olgan ayol voqeasini Senat qo‘mitasi nazoratga oldi

Holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi yuzasidan parlament nazorati o‘rnatildi. Ombudsman esa holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanishini so‘radi. Chunki ayolni tahqirlashda ishtirok etgan Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. 

Foto: Kun.uz

Farg‘ona viloyatining Furqat tumani IIB mas’ullari tomonidan sodir qilingan holat Senat qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi. Bu haqda Senat rasmiy munosabatida bildirildi

“Maqola mavzusiga sabab bo‘lgan holatlar Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olindi. Ichki ishlar vazirligi va boshqa huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan qonuniy qaror qabul qilinishi yuzasidan tegishli parlament nazorati o‘rnatildi”, deyiladi Senat munosabatida.

Shuningdek, Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi qonunbuzilishi holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanini ma’lum qilgan.

Bundan tashqari, holat Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan nazoratga olingan holda uning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan o‘rganildi.

“Farg‘ona viloyat prokuraturasi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holat yuzasidan viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilgan. 2025 yilning 18 iyunida Furqat tumani IIB boshlig‘i A.X. hamda uning birinchi o‘rinbosari J.R.ga Jinoyat kodeksining 141-1-moddasi 2-qismi “a, b”, bandlari, 141-3-moddasi 2-qismi “b” bandi, 142-moddasi, 206-moddasi 1-qismi va 230-2-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlar bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Hozirda tergov harakatlari yakunlanib, jinoyat ishi sudga yuborilgan.

Furqat tumani IIBning 4 nafar mas’ul xodimi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi asosida jinoiy javobgarlikdan ozod qilingan. Ushbu holat jabrlanuvchi e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Insonga nisbatan har qanday zo‘ravonlik yoki tahqirlash — uning konstitutsiyaviy huquqlariga tajovuz hisoblanadi va javobgarlikka sabab bo‘ladi. Qonunchiligimizda qadr-qimmatni kamsituvchi muomala uchun jazo choralari belgilangan”, deyiladi ombudsman xabarida.

Ombudsman insoniylikka qarshi bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni qat’iy qoralashini ma’lum qilib, holatga aloqador bo‘lgan har bir shaxsning qilmishi har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘rganilishi ta’minlanishini so‘ragan.

Kun.uz oldinroq Furqat tumanida maktab direktori bo‘lgan Gulira’no Qosimova bilan sodir bo‘lgan holat haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Unda Furqat tumani IIB xodimlari ayolni kaltaklab, kiyimlarini yirtib, yalang‘och holda tasvirga olgani haqida gap boradi

Mavzuga oid:

Mavzuga oid