Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Maktabgacha ta'lim vazirligi bolalarning sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etishga shaxsan mas'ul bo‘ladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 14 fevral kuni maktabgacha ta'lim tizimini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident rasmiy sayti xabar bermoqda.
Yig‘ilishda bolalarga sut mahsulotlari va meva tasdiqlangan normadan kam miqdorda berilmoqda, baliq mahsulotlari esa deyarli berilmayotgani aytib o‘tildi.
Bu borada berilgan topshiriqlarga muvofiq, bolalarni sifatli ovqatlantirish, ko‘rpa, yostiq va choyshablarini belgilangan muddatlarda almashtirish, dori-darmon va yuvish vositalari uchun ajratiladigan mablag‘lar miqdori yetarli ekani aniq hisob-kitob qilinadi.
Maktabgacha ta'lim vazirligi va uning joylardagi bo‘linmalari rahbarlari bog‘chalarda bolalarning belgilangan me'yorlar asosida sog‘lom va to‘g‘ri ovqatlanishini tashkil etishga shaxsan mas'ul bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi bog‘chalarda taomlarni tayyorlash, oziq-ovqat mahsulotlarini qabul qilish va saqlashda sanitariya normalari va gigiyena qoidalariga qat'iy rioya etilishini nazorat qiladi.
Yig‘ilishda maktabgacha ta'lim muassasalari tarbiyachilarining saviyasi, bilimi va ko‘nikmalari masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Tizimda faoliyat yuritayotgan qariyb 60 ming tarbiyachining atigi 21 foizi oliy ma'lumotli, 79 foizi esa o‘rta maxsus ma'lumotga ega ekani qayd etildi.
Bolalar tarbiyasi jarayoniga o‘z ishini puxta biladigan, malakali va har bir bolaga individual yondasha oladigan pedagog-kadrlarni jalb qilgan holda, ularni go‘dakligidan ongi va tafakkurini to‘g‘ri shakllantirib bormasak, kelajakda yuksak saviya, bilim va ma'naviyatga ega bo‘lgan barkamol avlodni tarbiyalash qiyin bo‘ladi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu boradagi o‘rganishlar natijasida kelgusi 3 yilda maktabgacha ta'lim tizimida 47 ming 300 dan ziyod oliy ma'lumotli pedagog kadrlar, jumladan, 28 ming 300 nafar tarbiyachi, defektolog, psixolog, musiqa rahbariga ehtiyoj paydo bo‘lishi aniqlangan. Shu bois, 2018-2019 o‘quv yilidan boshlab, oliy ta'lim muassasalarida “Maktabgacha ta'lim” yo‘nalishida kunduzgi shaklda 3 yillik bakalavrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bunda ilg‘or xorijiy tajriba, jumladan, Janubiy Koreyaning yetakchi universitetlari tajribasi asosida yangi o‘quv rejasi va dasturlari ishlab chiqiladi.
Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab, oliy ta'lim muassasalarida sirtqi va kechki shaklda bakalavrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Joriy yil mart oyidan boshlab, viloyatlardagi universitet va pedagogika institutlari bazasida bog‘chalarning pedagog va nomutaxassis kadrlari uchun yarim yillik o‘quv dasturlari asosida qayta tayyorlash kurslari tashkil etiladi.
Bu haqda so‘z yuritar ekan, Shavkat Mirziyoyev Janubiy Koreyaning Puchon universiteti bilan hamkorlikda Toshkent shahrida Maktabgacha ta'lim universitetini tashkil etish zarurligini ta'kidladi.
Yig‘ilishda yuqori malakali, oliy ma'lumotli kadrlarni rag‘batlantirish, maktabgacha ta'lim muassasalari pedagog xodimlarining oylik ish haqini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Imkoniyati cheklangan va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo‘lgan bolalarga mo‘ljallangan bog‘chalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga ham e'tibor qaratildi.
Mavzuga oid
14:42 / 07.11.2025
Samarqand, Andijon, Qashqadaryo - MTT soni bo‘yicha yetakchi hududlar
18:05 / 24.10.2025
Ayrim oila farzandining nodavlat bog‘cha uchun to‘lovi bir qismi qoplab beriladi
11:40 / 10.09.2025
Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga yangi o‘rinbosar tayinlandi
18:08 / 16.07.2025