Jamiyat | 16:56 / 22.12.2024
17544
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada portlash sodir bo‘lgan zapravka buzilmoqda - video

Farg‘ona shahrida portlash yuz bergan avtomobillarga gaz va benzin quyish zapravkasini shoxobcha egasining xohishiga ko‘ra buzish boshlandi. Zapravka qayta faoliyat ko‘rsatmaydi.

Foto: Videodan kadr

Farg‘ona shahri Ahmad Yassaviy ko‘chasidagi portlash sodir bo‘lgan avtomobillarga gaz va benzin quyish shoxobchasi buzilmoqda. Bu haqda Farg‘ona viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.

Qayd etilishicha, zapravka shoxobcha rahbarining o‘z xohish-istagiga ko‘ra buzilmoqda va u qayta faoliyat ko‘rsatmaydi.

«Buning asosiy maqsadi aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish hamda kelgusida sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish», — deyiladi xabarda.

17 dekabr kuni soat 13:45 larda Farg‘ona shahri Yangiyo‘l mahallasidagi Petrolium propan gaz quyish shoxobchasida 5 m kub sig‘imli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqib, gaz moddasi tashqariga sizib chiqishi oqibatida portlash va yong‘in sodir bo‘lgandi.

Buning oqibatida bir kishi voqea joyida halok bo‘lgan. Shu hududda bo‘lgan bir necha kishi turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ulardan 3 nafari shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan Farg‘ona viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) 2-qismi «a» bandi hamda 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Qayd etilishicha, hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan. Holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Kun.uz bilan suhbatlashgan mahalliy aholi vakillari mazkur AYoQSh va AGQSh qurilishiga odamlar norozilik bildirganini ta’kidlagan. Biroq mas’ullar bu norozilikka e’tibor qaratmagan.

Shu bilan birga portlashdan keyin Farg‘ona viloyati hokimining tegishli farmoyishi bilan viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan barcha turdagi avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarining belgilangan norma va me’yorlarga muvofiqligi holati o‘rganib chiqilmoqda.

Mavzuga oid