O‘zbekiston | 22:45 / 04.04.2025
15824
8 daqiqa o‘qiladi

Ukraina, Afg‘oniston, energetika, transport yo‘laklari va xomashyo – Samarqandda liderlar nima dedi? 

4 aprel kuni Samarqandda Markaziy Osiyo liderlari va Yevropa Ittifoqi rasmiylari ishtirokida ikki xalqaro tadbir o‘tkazildi. YeI – MO sammitida qatnashganlar Ukraina urushidan Afg‘onistondagi vaziyatgacha, energetikadan xavfsizlikkacha, transport koridorlaridan xomashyo eksportigacha bo‘lgan mavzularni o‘z ichiga olgan nutqlarni qilishdi. Sammitni bevosita yoritgan Kun.uz jurnalisti asosiy voqealar va fikrlarni jamladi.

 Ukraina, Afg‘oniston, afg‘on xalqiga gumanitar yordam, energetika, AES, toza va yashil energiya, transport koridorlari – matbuot vakillari Samarqandda liderlardan eng ko‘p eshitgan mavzular shular bo‘ldi. Markaziy Osiyoning ikki davlati – O‘zbekiston va Qozog‘iston prezidentlari o‘z nutqida Ukraina urushini yakunlash bo‘yicha tinchlik jarayonlarining boshlanganini olqishladi. Mintaqaning deyarli barcha prezidentlari Afg‘oniston mavzusiga to‘xtaldi, lekin qarash bir-biridan biroz farq qiladi. 

Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo sammiti protokolga muvofiq oliy darajadagi rahbarlarni kutib olishdan boshlandi. O‘zbekiston prezidenti tadbirda moderatorlik qildi, uni ochib berdi. Mirziyoyev dunyodagi tinchlik haqida gapirarkan, xalqaro hamkorliksiz bunday masalalarni mustaqil hal qilib bo‘lmasligini aytdi. Ukraina atrofidagi vaziyatni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralar boshlanganini olqishlaymiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz, dedi O‘zbekiston rahbari. 

Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayyenga ko‘ra, ittifoqning Markaziy Osiyo bilan aloqalari asosan 4 bobda alohida ko‘rinadi. Bular – transport koridorlari, toza energiya, raqamli bog‘liqlik va foydali qazilmalar. 

Qozog‘istonda shamoldan, O‘zbekiston va Turkmanistonda esa quyoshdan energiya olish stansiyalarini qurishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Hurmatli prezidentlar, biz men hozir aytgan 4 ta yo‘nalishda yaxshi hamkorlar bo‘lolamiz, Yevropaga ishoning” – Ursula fon der Lyayyen, Yevropa komissiyasi prezidenti 

Qozog‘iston esa Yevropaga tovarlar eksportini yanada oshirmoqchi. Yevropa Ittifoqiga 175 turdagi mahsulotlarni eksport qilyapmiz, bu 2 mlrd dollar degani. Biz yuqori sifatli va bozorda raqobatbardosh tovarlar eksportini yana ko‘paytiramiz, deydi prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev. 

Qozog‘iston Yevropaga uglevodorod eksport qiluvchi asosiy davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Transkontinental o‘zaro bog‘liqlikni oshirish – asosiy vazifamiz. Oxirgi yillarda Transkaspiy koridorida Qozog‘iston ancha faollashdi, bu yo‘lakdan mahsulot olib o‘tishimiz 62 foizga oshib, 4,5 million tonnaga yetdi “ – Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qozog‘iston prezidenti

To‘qayev mamlakatda milliy strategiya doirasida AES qurilishi, bu esa energetik va iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun zarurligini qo‘shimcha qildi. «Erasmus+» doirasida Markaziy Osiyo uchun alohida dastur ochishni taklif qilaman, deydi qo‘shni davlat rahbari. 

Sammitda so‘zga chiqqan Japarov avvalo o‘z e’tiborini 31 mart kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston imzolagan chegara kelishuviga qaratdi. Biz uch tomonlama hujjat imzoladik, bu esa mintaqa barqarorligi va xavfsizligi uchun katta qadam bo‘ldi, deydi u. 

Energetika, turizm, qishloq xo‘jaligi sohasida katta loyihalar boshlayapmiz. Davlatimiz katta gidroenergetik potensialga ega. Taxminan yiliga 142 mlrd kilovatt-soat energiya ishlab chiqara olamiz. Qayta tiklanuvchi energetika va energoeffektiv texnologiyalar bo‘yicha Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikdan manfaatdor bo‘lamiz. Oxirgi yillarda 18 ta kichkina GES qurdik, yaqin yillarda esa yana 15 ta qurishni rejalayapmiz” – Sadir Japarov, Qirg‘iziston prezidenti. 

Japarov o‘z chiqishida Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temiryo‘li ahamiyatiga yana to‘xtaldi. Bu transport koridori bilan masofa qisqaradi. Yevropa Ittifoqining transport bog‘liqlik tashabbusini va bu uchun 10 mlrd yevro ajratilishini olqishlaymiz, dedi prezident. 

Tojikiston prezidenti energetika sohasiga ko‘proq e’tibor qaratdi. Xususan gidroenergetika va qayta tiklanuvchi energiya manbalari mamlakatning keyingi rivoji uchun juda muhim ahamiyat kasb etadi, deydi Imomali Rahmon. 

“Yevropa Ittifoqining Janubiy Osiyoga elektr uzatish uchun infratuzilma yaratish dasturini qo‘llashini biz qadrlaymiz, xususan SASA-1000 loyihasini. 2037 yilga borib, Tojikiston to‘liq, 100 foiz yashil davlatga aylanadi. 2032 yilda esa biz elektr bilan to‘liq qayta tiklanuvchi manbalar hisobiga ta’minlaymiz. Dengizga chiqa olmaydigan mamlakatlar sifatida biz transport-koridorlarini yaratish, rivojlantirish tashabbusini qadrlaymiz. Masalan, Tojikistonning 93 foizi tog‘lardan iborat” – Imomali Rahmon, Tojikiston prezidenti

Prezident Rahmon so‘zining yakuniy qismini deyarli to‘liq Afg‘onistonga bag‘ishladi. Bu davlatning beqarorlik to‘lqini bizga ham eksport bo‘lishini aslo istamaymiz, deydi u. 

Markaziy Osiyoning xavfsizligi va barqarorligi shubhasiz, Afg‘onistondagi vaziyat bilan bevosita bog‘liq. Bu davlatning iqtisodiyoti - beqaror, odamlar og‘ir gumanitar sharoitlarda yashamoqda. Barcha provinsiyalarda tezkor gumanitar yordamga muhtojlar ko‘paymoqda. Ayollar va qizlar huquqlari, erkinligining bo‘g‘ilishi ularning kelajagini xavf ostiga qo‘ymoqda” – Imomali Rahmon, Tojikiston prezidenti. 

Mintaqa liderlaridan oxiri bo‘lib Turkmaniston prezidenti so‘zga chiqdi. Serdar Berdimuhammedov ko‘proq urg‘uni rasmiy Ashxobodning betaraf ekaniga berdi. Biz dunyoga ma’lum neytral statusimiz bilan hamkorlikka ochiqmiz, deydi prezident. 

Turkmaniston o‘zining neytral statusidan kelib chiqib ishlashga tayyor. 21 mart kuni Turkmanistonning abadiy neytraliteti xususida BMT rezolyutsiyasi ham qabul qilindi. Biz yangi xavflarga qarshi birgalikda kurashishga o‘tishni taklif qilamiz. Bular - axborot va kiberhujumlar, biologik xavfsizlik masalalaridir” – Serdar Berdimuhammedov, Turkmaniston prezidenti 

Berdimuhammedov ham Afg‘onistonga alohida e’tibor berdi. Afg‘oniston xalqi oldida davlat institutlarini, iqtisodiyot va ijtimoiy hayotni tiklashdek imkoniyat paydo bo‘ldi, deydi u. Turkmaniston prezidenti nutqini davom ettirarkan, xomashyo, neft-gaz mahsulotlarini Yevropaga yetkazib berishni taklif qildi. Qayta tiklanuvchi energetika va uning imkoniyatlari bo‘yicha dialog boshlash tarafdorimiz. Turkmaniston elektr ishlab chiqarishni oshirish va uni Yevropaga yetkazib berishga tayyor, deya qo‘shimcha qildi prezident.

Markaziy Osiyoda Yevropaga taklif qilsa bo‘ladigan ko‘p narsalar bor. Savdo-iqtisodiy hamkorlik hozir uning effektivligi nuqtayi nazaridan jiddiy ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan soha” - Serdar Berdimuhammedov, Turkmaniston prezidenti 

Sammit davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso ham so‘zga chiqib, fikrlarini bildirdi.

Ozgina tanaffusdan so‘ng Samarqand iqlim forumi boshlandi. Unda deyarli barcha ishtirokchilar iqlim inqirozi real, deya gapirishdi. 

Mavzuga oid