O‘zbekiston | 15:55 / 02.12.2025
6813
2 daqiqa o‘qiladi

Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi

U so‘nggi bir yilga yaqin vaqt davomida hokim vazifasini bajarib kelayotgandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi. Tegishli qaror Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida qabul qilindi.

Sessiyada prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Ulug‘bek Mustafoyev nomzodini ilgari surgan.

Xalq deputatlari va viloyat faollari nomzod haqidagi fikrlarini bildirishgan. Shundan so‘ng viloyat hokimini tayinlash masalasi ovozga qo‘yilgan. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlandi. 

Davlat rahbari yangi hokim bildirilgan ishonchni oqlab, keyingi yilda viloyatga 4,5 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelish, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 175 ming odamni ishli qilish, 15 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish borasida qattiq ishlashi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi.

Ulug‘bek Mustafoyev 1968 yil 14 avgustda Jizzax viloyatida tug‘ilgan. 1991 yilda Toshkent xalq xo‘jalik institutini tamomlagan («Moliya va kredit» mutaxassisligi) va bank sohasida faoliyat yuritgan.

Xususan, 2010 yildan 2016 yilgacha Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari sifatida ishlagan, 2016–2017 yillarda Jizzax viloyati hokimi birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. 2017 yil iyunida «O‘zbekenergo» AJ boshqaruvi raisi lavozimiga tayinlangan.

2019 yil martida mazkur tashkilot isloh qilinib, o‘rnida «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tashkil etiladi. Ulug‘bek Mustafoyev esa «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi lavozimida ishlay boshlaydi.

U 2024 yil 19 dekabrda Ergash Soliyev o‘rniga Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangandi.

Mavzuga oid