Jamiyat | 18:30 / 16.09.2018
69758
6 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda kitob do‘koni qurilishiga aroqfurushlar qarshi chiqmoqda - Angor tumani mutasaddilari kimning tarafida?

Surxondaryo viloyati Angor tumanidan tahririyatimizga jo‘natilgan murojaatnoma o‘zining antiqaligi, tumandagi mutasaddilarning kitobga, ilmga va ma'rifatga  bepisandligi bilan bizni lol qoldirdi.

Facebook'da ko‘rish

Youtube'da ko‘rish

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Angor shaharchasi «Navro‘z» mahallasida yashovchi yosh, yakka tartibdagi tadbirkor Madinabonu Jo‘rayeva 2017 yil 2 iyun kuni Surxondaryo viloyatining (o‘sha paytdagi) hokimi Erkinjon Turdimovning qabuliga borib, tuman markazida «Kitob olami» do‘koni va o‘quv zali qurish g‘oyasi borligini ma'lum qiladi.

Bunday tashabbus viloyat rahbari tomonidan qo‘llab-quvvatlanib, tuman hokimiga topshiriq beriladi va tuman hokimi B.Ibatovning shu kungi 1282-sonli qarori bilan sobiq avtoshohbekat o‘rnidan 200 kvadrat metr yer maydoni ajratiladi.

Yer maydoni ajratilgach, uch oy davomida kerakli hujjatlar tayyorlanib, bino loyihalashtirilib, uning poydevorini tiklash ishlari olib boriladi.

Biroq oradan ko‘p o‘tmasdan, 2018 yilning 5 mayiga kelib Angor tuman prokuraturasi tuman hokimi qaroriga nisbatan protest e'lon qiladi. Sabab sifatida qurilish hujjatlari qonun talablariga muvofiqlashtirilmaganligi ko‘rsatib o‘tiladi.

Lekin tuman prokurori protestida e'tiroz o‘laroq tilga olingan barcha xulosalar bor. Taqdim etilgan. Hattoki viloyat adliya boshqarmasining qurilishni davom ettirishga monelik qiladigan holatlar aniqlanmagani haqidagi xati ham bor!

Bizga hikoya qilishlaricha, Prezidentning davlat maslahatchisi T.Xudoybergenovning sayyor qabuli chog‘ida sobiq Avtoshohbekat hududida spirtli ichimliklar bilan savdo qiluvchilar yolg‘on ko‘rsatma bilan, «bir boyvachcha bizning do‘konlarimizni to‘sib, katta gipermarket quryapti», degan vajni keltirishadi va davlat maslahatchisi vaziyatni o‘rganib chiqish vazifasini topshiradi. Vaziyat esa bunaqa tus oladi.

Aslida, qurilayotgan kitob olami do‘koni o‘sha aroq-vino mahsulotlari omborlariga xalaqit bermaydi. Chunki orada keraklicha masofa saqlangan. Boz ustiga, qurilish uchun Jo‘rayevlarda yetarli mablag‘ yo‘q, ular u qadar boyvachcha ham emas, bankdan kredit olib qurilishni yakunlashni maqsad qilishgan.

Madina Jo‘rayevaning otasi Botir Jo‘rayevning aytishicha, tuman hokimligi «Kitob olami» do‘konini qurish uchun tumanda boshqa joydan yer ajratishni taklif etgan. Biroq taklif etilayotgan yerlar shaharchadan chekkada, kitob do‘koni esa aholi gavjum markazda qurilmasa — u yerga odamlarning ataylab kitob uchun borishlari dargumon.

Spirtli ichimliklar bilan savdo qiluvchi do‘konchalarning ahvoli esa mana bunday…

Surxondaryo viloyatida eng yirik «Kitob olami» do‘koni bo‘luvchi qurilish esa to‘xtab qolgan. Jo‘rayevlar oilasi hozircha o‘z uyidan savdo qilib turishibdi. Xaridorlar gavjum. Bino qurilishi uchun armatura karkaslar ham o‘sha uyda saqlanmoqda.

Vaziyatni qarang. Tuman prokuraturasi hujjatlarda kamchilik bor, deb tuman hokimining yer ajratish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilmoqda va uni qonun talablariga muvofiqlashtirishni so‘ramoqda. Oradan o‘tgan qariyb 10 oy ichida qurilishning ost qismi deyarli tugab qolgan. Tadbirkor hujjatlardagi kamchilikni bartaraf etgan. 

Endi tuman hokimligi o‘sha yerni yana qaytadan ularga xatlab berishni istamayapti va M.Jo‘rayevaga jo‘natgan xatida vaj sifatida aynan o‘sha aroq do‘konlarining fasadlari to‘silib qolayotganini ko‘rsatmoqda! Qaror esa go‘yoki prokuraturaning prostestiga ko‘ra bekor qilingan. Prokuraturaning protestida fasadi to‘silayotgan do‘konlar haqida gap yo‘q, hujjatlardagi (hozir bartaraf etilgan) kamchiliklar haqida gap boradi.

Hokimlik qilingan xarajatlar uchun 100 million so‘m kompensatsiya va boshqa, tuman markazidan uzoqroq bir necha joylardan yer taklif qilayapti.

Negadir hokim qarorini qonunga muvofiqlashtirishni so‘ragan prokuror mazkur qarorning butunlay bekor bo‘lib ketganligi-yu, viloyat bo‘yicha eng katta bo‘lishi kutilayotgan «Kitob olami» do‘koninig taqdiri yo‘qlik sari yuz tutayotganiga befarqlik qilmoqda. 

Boshqacha qilib aytganda, protestning chala qanoatlantirilishi, ya'ni tuman hokimi qarori bekor bo‘lishi prokuratura uchun yetarlimikan?.. Qonunga muvofiqlashtirish haqidagi talab nima bo‘ladi?

Angor tuman hokimligiga savol: Nega hujjatlardagi prokuratura protestida ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etgan tadbirkorga aynan o‘sha joy uchun qayta qaror chiqarib berilmayapti?!

Bu savolga Angor tuman hokimligining javob berishi juda qiyin bo‘ladi.

Qiziq, eplasholarmikan?

Xullas, ezgu tashabbus bilan bunyod etilishi ko‘zlangan, viloyat rahbaridan oq fotiha olingan qurilish Angor tumanidagi yuqori martabali mansabdorlar tomonidan qandaydir shubhali tadbirkorlarning manfaatini ko‘zlab, to‘xtatib qo‘yilmoqda.

O‘zi Angorga kitob do‘koni kerakmi yoki aroq do‘koni?

Umid qilamizki, Angor tuman prokurori K.To‘raqulovning «tashabbusi» bilan boshlangan g‘alva shaxsan uning aralashuvi bilan qonuniy va adolatli yechim topadi.

Tuman hokimligi, viloyatdagi mutasaddilar bunga qanday javob berishar ekan? Kun.uz bu mavzuga albatta yana qaytadi.

Shuhrat ShOKIRJONOV,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Mavzuga oid