Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Imomali Rahmon Markaziy Osiyoda do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi
Hujjat 2022 yil 21 iyul kuni Cho‘lponota shahrida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari tomonidan imzolangan edi. Shu vaqtda Tojikiston va Turkmaniston o‘z mamlakatlarida ichki davlat protseduralarini yakunlash zarurligini aytib, hujjatni imzolashdan bosh tortgandi.
Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, hujjatni imzolash marosimi 28 avgust kuni Dushanbeda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, tashqi ishlar vaziri Murat Nurtleu bilan uchrashuvdan so‘ng bo‘lib o‘tgan.
Tomonlar ushbu Shartnomani har tomonlama amalga oshirish bo‘yicha birgalikdagi ishlar «mintaqada tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash va mustahkamlash omili bo‘lishini» ta’kidladilar.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar xarakterdagi masalalar, shuningdek, ikki mamlakatning ushbu yo‘nalishlardagi strategik sheriklik va ittifoqchilik ruhidagi hamkorligi muhokama qilindi. Bundan tashqari, bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlar rejasi, MDH sammiti va Dushanbedagi «Markaziy Osiyo - Rossiya» formatidagi uchrashuvga tayyorgarlikning borishi ko‘rib chiqildi.
2022 yil 21 iyul kuni Cho‘lponota shahrida Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlari tomonidan XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yo‘lidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi. Shu vaqtda Tojikiston va Turkmaniston o‘z mamlakatlarida ichki davlat protseduralarini yakunlash zarurligini aytib, hujjatni imzolashdan bosh tortgandi.
Hujjatni imzolagan mamlakatlar «mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash maqsadida yaqindan hamkorlik qilish», harbiy va harbiy-texnikaviy sohalarda hamkorlikni rivojlantirish majburiyatini oladi.
Zarur hollarda tomonlar o‘z mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tahdidning oldini olish uchun bir-birlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va o‘zaro yordam ko‘rsatish majburiyatini ham oladi. Bunda ular «o‘zaro davlatlararo munosabatlarda kuch ishlatishdan yoki kuch bilan tahdid qilishdan o‘zini tiyishi, harbiy ittifoqlarga, bloklarga yoxud davlatlarning ahdlashuvchi tomonlarga qarshi qaratilgan boshqa birlashmalariga qo‘shilmaslik majburiyatini oladi». Shuningdek, bu davlatlarning birortasiga qarshi qaratilgan xatti-harakatlarda ishtirok etmasligi kerak.
Tomonlar o‘zaro nizoli masalalarni «faqat muloqot doirasida tinch diplomatik yo‘l bilan, shu jumladan, zarurat tug‘ilganda o‘zaro hamkorlikning tegishli mexanizmlarini yaratish orqali» hal qiladi. Ular o‘z hududi, kommunikatsiya tizimlari va boshqa infratuzilmalaridan uchinchi mamlakatlar tomonidan bir-birining suvereniteti, xavfsizligi, barqarorligi va hududiy yaxlitligiga zarar yetkazadigan tarzda foydalanishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyatini oladi.
Mavzuga oid
12:12
Venada “Markaziy Osiyo – Shimoliy Yevropa” formatidagi birinchi uchrashuv o‘tkazildi
21:09 / 04.12.2025
Birinchi «Markaziy Osiyo – Yaponiya» sammiti Tokioda o‘tkaziladi
16:03 / 04.12.2025
Markaziy Osiyo uchun beriladigan 12 mlrd yevroning asosiy qismi Trans-Kaspiy koridori uchun sarflanadi – YeI
22:57 / 03.12.2025