Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Tashkilotlar 10 foizgacha ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yishadi
Vazirlar Mahkamasining 5.12.2017 yildagi 965-son qarori bilan Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan va mehnat bozorida teng shartlarda raqobatlasha olmaydigan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarining eng kam sonini belgilash va zaxiraga qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.
Zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlari ko‘payadi
Xodimlarning ro‘yxatdagi o‘rtacha soni 20 nafar kishidan ortiqni tashkil etadigan mulkchilik shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlar muhtojlarni ishga joylashtirish uchun ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yishlari darkor. Zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarining umumiy soni – o‘rtacha xodimlar sonining 10 foizigacha (jumladan, nogironlar uchun kamida 3 foiz). Amaldagi tartibga ko‘ra, xodimlarning o‘rtacha sonining 7 foizigacha va nogironlarni ishga joylashtirish uchun kamida 3 foiz ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladi.
Ish o‘rinlari kimlar uchun zaxiraga qo‘yiladi
Ish o‘rinlari fuqarolarning quyidagi toifalari uchun zaxiraga qo‘yiladi:
• 14 yoshgacha va nogiron bolalari bo‘lgan yolg‘iz va ko‘p bolali ota-onalar;
• umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalarini tamomlagandan keyin kasbni egallagan yoshlar, shuningdek, oliy ta'lim muassasalarining davlat grantlari bo‘yicha ta'lim olgan bitiruvchilar;
• safarbarlik chaqiriq zaxirasida xizmatni o‘tagan va Qurolli Kuchlar saflaridan muddatli harbiy xizmatdan bo‘shatilgan shaxslar;
• nogironlar va pensiyaoldi yoshidagi shaxslar (erkaklar – 58 dan 60 yoshgacha, ayollar – 53 dan 55 yoshgacha);
• jazoni ijro etish muassasalaridan yoki sudning qaroriga ko‘ra tibbiy tusdagi majburlov choralari qo‘llanilgan shaxslar;
• odam savdosi qurbonlari.
Ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yish bosqichlari
Xodimlarning ro‘yxatdagi o‘rtacha soni 20 nafar kishidan ortiqni tashkil etadigan tashkilotlar har yili:
• 1 avgustdan kech bo‘lmagan muddatda lavozimlarni hisobga olgan holda kelgusi yil uchun zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarining umumiy sonini belgilaydi;
• 15 avgustdan kech bo‘lmagan muddatda bu haqda ma'lumotlarni tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish markaziga (BKM) taqdim etadi.
Tashkilotlardan yig‘ilgan barcha ma'lumotlarni BKM takliflar tarzida tegishli hokimliklarga yuboradi. Shahar (tuman) hokimi har bir tashkilotdagi zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlarining soni bo‘yicha qaror chiqaradi. Qarorda qabul qilinishi shart bo‘lgan muhtojlarning har bir toifasi soni va ish o‘rinlari zaxiraga qo‘yiladigan kasblar va lavozimlar ro‘yxati ko‘rsatiladi. Hokimning qabul qilingan qarori haqida tashkilotlarga 5 oktabrgacha xabar qilinishi kerak.
Kelasi yil boshlanishidan oldin 10 kungacha kechikmay ish beruvchi o‘zi uchun belgilangan zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlari sonining 25 foizi tayyorligini ta'minlashi va bu haqda BKMni xabardor qilishi kerak. Qolgan qismi kelasi yilning I choragi davomida ta'minlanadi, bu haqda ish beruvchi BKMni xabardor qiladi ( I chorak tamom bo‘lgandan keyin 10 kundan kechikmay).
Shuningdek, tashkilot har oyda hisobot oyidan keyingi oyning 5-kunigacha tuman (shahar) BKMga tasdiqlangan shakl bo‘yicha muhtojlarni ishga joylashtirish to‘g‘risida axborot taqdim etishi shart. Ishga qabul qilish ish beruvchi tomonidan mustaqil ravishda yoki BKMning yo‘llanmasi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Mavsumiy va vaqtinchalik ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Zaxiraga qo‘yishdan bosh tortganlik uchun – jarima, belgilangan normalarni oshirganlik uchun – imtiyozlar
Muhtojlar uchun ish o‘rinlarini zaxiraga qo‘yish bo‘yicha hokimning qarori bajarilmaganligi, shuningdek, ularni ishga qabul qilish asossiz ravishda rad etilganligi uchun tashkilotning mansabdor shaxsi MJtKning 49, 50-moddalari bo‘yicha ma'muriy javobgarlikka tortiladi.
Ish beruvchi tomonidan ish o‘rinlari tayyorligi to‘g‘risida axborot taqdim etilmasligi va ularning amalda tayyor emasligi hokimlarning qarorlari bajarilmasligi sifatida qaraladi.
Hokimlar ish o‘rinlarini belgilangan sondan ortiqcha zaxiraga qo‘ygan ish beruvchilar uchun imtiyozlar belgilashi, masalan, ishlab chiqarish uchastkalari (sexlar) tashkil etish uchun noturar joy binolarini, birinchi navbatda, ajratishi mumkin.
Hujjat 1.04.2018 yildan kuchga kiradi.
Mavzuga oid
14:39 / 05.01.2026
Elektron hisobvaraq-fakturalar “past” va “yuqori” xavf toifalariga ajratiladi
07:27 / 25.12.2025
Oltin uchun "poyga": 2000 yildan beri zaxiralarini eng ko‘p oshirgan davlatlar
12:31 / 11.12.2025
Barcha dorixonalar “Elektron retsept” orqali ishlashga o‘tadi
14:44 / 06.12.2025