O‘zbekiston | 12:04 / 22.11.2025
2375
2 daqiqa o‘qiladi

Ekologik qonunbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiya faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi

2026 yil 1 apreldan e’tiboran, daraxt va butalarni noqonuniy kesish, qurilish vaqtida atrofni changga to‘ldirish, ifloslantiruvchi moddalarni havoga chiqarib yuborish, shinalar va boshqa shunga o‘xshash materiallardan yoqilg‘i sifatida foydalanish kabi qonunbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llanadi – ya’ni ularning xodimlariga nisbatan emas. Tushgan mablag‘lar umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etishga yo‘naltiriladi.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda 2026 yil 1 apreldan boshlab ekologiya sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalarni faqat yuridik shaxslarga nisbatan qo‘llash tartibi joriy etiladi. Bu sanksiyalar jismoniy shaxslarga taalluqli bo‘lmaydi.

Prezident farmoniga ko‘ra, bir xil huquqbuzarlik uchun moliyaviy sanksiyalar qo‘llangan yuridik shaxslarning xodimlariga ma’muriy jazo chorasini qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Moliyaviy sanksiyani to‘lash – Ekologiya qo‘mitasining talabini bajarish majburiyatidan ozod qilmaydi.

Yuridik shaxslar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy qilinadigan qonunbuzarlik holatlari ro‘yxati:

  • daryolarning o‘zanlarini tozalashga va qirg‘oqlarini mustahkamlashga doir ishlarni amalga oshirish tartibini buzish;
  • suv resurslarini muhofaza qilish qoidalarini buzish;
  • daraxtlar va butalarni g‘ayriqonuniy ravishda kesish, yo‘q qilish va ularni muhofaza qilish choralarini ko‘rmaslik;
  • ifloslantiruvchi moddalarni atmosfera havosiga chiqarib tashlash yoki atmosfera havosidan belgilangan talablarni buzgan holda foydalanish;
  • qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik;
  • yoqilg‘i, moddalar, material va chiqindilarni yoqishda atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik;
  • chiqindilar bilan muomalada bo‘lishda atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etmaslik.

Moliyaviy sanksiyalardan tushgan mablag‘lar Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

Tegishli qonun loyihasi 1 oy muddat ichida ishlab chiqilib, Prezident administratsiyasiga kiritilishi kerak.

Mavzuga oid