Jahon | 15:16 / 05.10.2025
3650
13 daqiqa o‘qiladi

Tiklanishi kutilayotgan o‘lim jazosi, Telegram ofisi, ajrim uchun badal va yana internetsiz Afg‘oniston – MO hafta ichida

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi qayta tiklanishi mumkin. Tojikiston ajrim uchun badal miqdorini oshirdi. Qozog‘istonda Telegram o‘z ofisini ochadi. Vengriya Turkmaniston gaziga zor bo‘ldi, Budapesht Ashxobodga xushomad qilmoqda. Afg‘onistonda toliblar internetni o‘chirib qo‘ydi, qayta yoqqach kabel uzilganini bahona qildi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Qirg‘izistonda o‘lim jazosi joriy qilinishi mumkin

Respublika prezidenti Sadir Japarov vahshiylarcha sodir etilgan jinoyatlar uchun o‘lim jazosini joriy etish taklifini ilgari surmoqda. Bu haqda prezident matbuot kotibi Askat Alagozov ma’lum qildi.

Vahshiylarcha sodir etilgan jinoyatlar deganda, xususan, ayollar va bolalarga qarshi qotillik hamda zo‘rlash holatlari nazarda tutilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, prezident huquqiy boshqarma rahbari Murat Ukushevga qonun loyihasini ishlab chiqishni ham buyurgan. Japarov bu borada eng og‘ir jazolarni belgilash tarafdori bo‘lmoqda.

Xo‘sh, nega prezident o‘lim jazosi haqida gapirib qoldi? Sababi Bishkekda voyaga yetmagan qiz – Aysuluning vahshiylarcha o‘ldirilishi xalq va jamoatchilikni chuqur taajjublantirgan. Japarovning o‘zi ham voqeadan qattiq ta’sirlanib, bu ishni shaxsan nazoratiga olganini aytdi. Uning fikricha,  bolalar va ayollarni nishonga olgan jinoyatlar jazosiz qolmasligi kerak.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda o‘lim jazosini sobiq prezident Qurmanbek Bakiyev 2007 yilda jinoyat kodeksidan chiqarib tashlagandi. Lekin bu jazoga moratoriy 1998 yildayoq, prezident Akayev davrida e’lon qilingan. 2010 yilda esa o‘lim jazosi konstitutsiya bilan taqiqlangan. Oradan 18 yil o‘tib, bu jazo qaytarilishi mumkin. O‘zbekistonda esa o‘lim jazosi 2008 yil 1 yanvardan bekor qilingan. Uning o‘rniga umrbod qamoq jazosi joriy etilgan. 2023 yilgi oxirgi konstitutsion o‘zgarishlar bilan respublikada o‘lim jazosi qo‘llanmasligi bosh qonunda ham yozib qo‘yildi. Sizningcha, bizning respublikaga ham o‘lim jazosi kerakmi? Siz buni izohlarda yozib qoldiring, men esa keyingi mavzuga o‘taman.

Tojikiston ajrim uchun badal miqdorini oshirdi

Endi Tojikistonda oilalar rasman ajrashmasdan yashashda davom etishi mumkin, chunki davlat ajrim badalini oshirdi. Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon 1 oktabr kuni nikohni bekor qilish bo‘yicha davlat boji oshirilishini nazarda tutuvchi hujjatga imzo chekkan. Qonun rasmiy e’lon qilingach kuchga kiradi. Bu haqda mahalliy nashr AsiaPlus xabar bermoqda.

Yangi qonunga ko‘ra, er-xotindan birining arizasi bo‘yicha ishni ko‘rish uchun 75 somoniydan 150 somoniygacha, ya’ni 97 mingdan 195 ming so‘mgacha, qo‘shma ariza berilsa - 375 somoniydan 750 somoniygacha, ya’ni 487 mingdan 974 ming so‘mgacha boj to‘lattiriladi.

Sud qarori asosida ajrim belgilansa - 525 somoniydan 1050 somoniygacha, ya’ni 682 mingdan 1 million 364 ming so‘mgacha pul undiriladi.

Shu tariqa boj miqdori ikki barobarga ko‘paytirilmoqda. Mamlakat parlamenti ilgari bunday choralarni ajrimlar sonini kamaytirish maqsadi bilan izohlagandi. 2024 yilning dekabr oyida ham bu to‘lov miqdori qisman oshirilgan edi.

Tojikistonda MDH regionida aholi sonidan kelib chiqib, eng tez ko‘payotgan xalq.

Respublikada rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning birinchi yarmida 4117 ta ajrim qayd etilgan, bu o‘tgan yilgidan 291 taga kam. Shunga qaramay, hukumat vakillari vaziyatni tashvishli deb baholaydi. Adliya vaziri Muzaffar Ashurion ajrimlar darajasi hamon yuqori ekanini aytmoqda.

Xotin-qizlar va oila masalalari qo‘mitasi raisi Bunafsha Fayziddinzodaga ko‘ra, ajrimlarning asosiy sababi erta turmush qurish va “yosh qizlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi”da.

Xo‘sh, Tojikistonning ajrim uchun undiradigan boji shunchalik qimmatmi? O‘zbekistonda bunday holatlarda BHMning 2 baravaridan 4 baravarigacha to‘lov talab etiladi. Bu 824 ming 1 mln 648 ming so‘mgacha degani.

O‘zbekistonda 2025 yilning yanvar-mart oylarida qayd etilgan nikohlar soni 43,8 mingtani tashkil etgan. Ajrimlar soni esa 2025 yilning yanvar-mart oylarida 2024 yilning mos davriga nisbatan o‘zgarmagan holatda qolgan.

Telegram Qozog‘istonda ofisini ochadi

Yakuniga yetayotgan haftada Qozog‘iston Digital Bridge texnologik-innovatsion tadbirini o‘tkazib, mahalliy medianing e’tibori asosan shunga qaratildi. To‘qayev shu hafta tashrif bilan kelgan Italiya prezidenti Serjio Mattarella bilan ham uchrashib, muzokaralar o‘tkazgan. Bundan tashqari, xalqaro tadbir bahonasida tashrif buyurganlar bilan ham muloqot qildi.

Masalan, prezident Telegram asoschisi bilan Astanada ko‘rishdi. Pavel Durov Qozog‘istonda uning kompaniyasi ofis ochishini e’lon qildi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi – nega Telegram aynan Qozog‘istonni tanladi? Bu ko‘proq Telegram kompaniyasining emas, balki rasmiy Ostonaning talabi va shartlari bilan bo‘lmoqda. Aks holda Qozog‘iston 12.5 mln foydalanuvchisi bor Telegram’ni bloklashini aytgan.

Durov jamoasi esa tinchgina ofish ochishga ko‘ndi. Bu asosan tartibga solish va qonuniy talablar, shuningdek platformaning mahalliy hukumat bilan hamkorlik qilish ehtiyojlaridan kelib chiqqan qaror bo‘lishi mumkin. Xo‘sh, aslida hammasi qanday boshlangan edi?

2024 yil 14 oktabr kuni Qozog‘istonning Raqamli rivojlanish, innovatsiyalar va aerokosmik sanoat vazirligi Telegram bilan mahalliy vakil tayinlash va ofis ochish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi. Bu rasmiy xabar platformaning mamlakatda qonuniy talablarga moslashishi yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Oradan ko‘p o‘tmay, 2024 yil 31 oktyabrda senatorlar yig‘ilishida vazir Jaslan Madiyev ofis AIFC (Astana International Financial Center) huquqiy maydonida ro‘yxatdan o‘tkazilayotganini, kontent moderatsiyasi uchun mas’ul shaxs ham tayinlanganini aytdi.

2025 yil 27 iyunda Telegram Astana Hub — Markaziy Osiyodagi yirik innovatsion klaster a’zoligiga qabul qilindi. Bu amalda kompaniyaning Qozog‘iston IT-ekotizimi bilan tizimli ishlash niyatini ko‘rsatdi.

2 oktyabr kuni Pavel Durov Digital Bridge 2025 forumida Astanada Alem.ai binosida maxsus sun’iy intellekt laboratoriyasi ochilayotganini ma’lum qildi. Rasmiylarga ko‘ra, Telegram Qozog‘istonda ofisni ishga tushirdi, Astana Hub’ga qo‘shildi va SI laboratoriyasini ochdi.

Qozog‘istonda 2023 yil qabul qilingan “Onlayn platformalar va onlayn reklama to‘g‘risida”gi qonun mamlakatda har kuni 100 mingdan ortiq foydalanuvchiga ega ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlardan mahalliy vakil (yuridik shaxs) bo‘lishini talab qiladi. Shuningdek, taqiqlangan kontentni rasmiy talab bo‘yicha olib tashlash mexanizmlari ham bu hujjatda keltirib o‘tilgandi. Ya’ni agar Telegram ofis ochmasa, platforma Qozog‘iston hududida bloklanishi mumkin edi.

Telegram esa Qozog‘istonda nihoyatda ommabop: oylik 12,5 mln foydalanuvchi bor. Bu — 20 mln aholining yarmidan ko‘prog‘i degani. Shu bois platforma uchun Qozog‘iston strategik bozor bo‘lib, huquqiy moslashuv qarorini tezlashtirgan. Ya’ni Telegram uchun ham platforma bloklanganidan ko‘ra bir ofis ochish ma’qulroq qaror edi.

Qonuniy ijro va raqamli xavfsizlik – davlat va jamiyat manfaatlariga mos keladi. Biroq Telegram’dan ofis ochish talabi, aks holda uning bloklanishi tahdidi – so‘z erkinligi, maxfiylik va turli «chegaralar»ning borligi xavotirlarini ham yuzaga chiqaradi.

Masalab, rasmiy talablarda “taqiqlangan/zararli kontentni olib tashlash” borligi — foydalanuvchilarning so‘z erkinligi va mustaqil jurnalistika uchun nozik mavzu bo‘lib turibdi.

Vengriya Rossiya o‘rniga Turkmanistondan gaz sotib olmoqchi

«Gazprom»ning Yevropadagi eng yirik xaridori bo‘lgan Vengriya Turkmanistondan gaz sotib olishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Sharqiy aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha davlat vakillari gapirib o‘tgan.

“Energetika sohasida biz Turkmanistondan ishonchli hamkor sifatida umidvormiz. Vengriya turli mamlakatlardan tabiiy gaz importiga qaram, shu sababli biz Turkmanistonga ham katta umid bilan qaraymiz va yaqin kelajakda Turkmaniston Yevropaga, aniqrog‘i Vengriyaga gaz yetkazib beruvchiga aylanishiga umid qilamiz”, deydi venger rasmiylari.

Sentyabr oyi boshida Vengriya mamlakat tarixidagi eng uzoq muddatli suyultirilgan tabiiy gaz importi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Ushbu kelishuv Fransiyaning Engiye kompaniyasi bilan tuzilgan bo‘lib, 2028 yildan 2038 yilgacha amal qiladi. Yetkazib berishning umumiy hajmi 4 milliard kub metrni tashkil etadi.

Sentabr oyi boshida Vengriya Britaniyaning Shell kompaniyasi bilan ham yiliga 2 milliard kub metr gaz sotib olish bo‘yicha shartnoma tuzgandi. Yetkazib berish 2026 yilda boshlanadi, shartnoma esa 10 yilga mo‘ljallangan. Gaz Chexiya va Germaniya orqali yetkazib beriladi.

Dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmagan, Rossiya neft va gazini quvurlar orqali import qiluvchi Vengriya hamda Slovakiya shu paytgacha Rossiya energiya resurslaridan voz kechishga qarshi chiqib kelayotgandi.

Turkmaniston qancha gaz yetkazib bera olishi va qanday qilib yetkazib berishi hozircha noma’lum. Ashxobod bu borada ommaga gapirmagan.

“Yevropaga gaz eksport qilishni rejalashtirayotgan Ozarboyjon yoki sanksiyalar tufayli Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlari juda murakkab bo‘lgan Eronning quvur infratuzilmasidan foydalanish yoki gazni «Gazprom» bilan shartnoma asosida "Turk oqimi" orqali yetkazib berish kerak bo‘ladi”, deya tushuntiradi tahlilchi Milchakova.

Hozirda Budapesht har oyda Rossiyadan energiya resurslarini sotib olish uchun taxminan 500 million yevro sarflaydi, deyiladi Finlandiyaning tahliliy markazlari hisobotida.

«Tolibon» yana internetni o‘chirib qo‘ydi

Yakuniga yetayotgan haftada Afg‘oniston yana internetni o‘chirib qo‘ydi. Ikki kunlik internetsizlikdan keyin esa toliblar buni texnik nosozlikka yo‘ydi. BBC’ning yozishicha, muvaqqat hukumatdagilar kabel uzilib qolgan deya bahona qilgan.

Manbalarga ko‘ra, «Tolibon» yetakchilari buyrug‘i bilan internet qayta tiklangan. Uni o‘chirish qarorini esa «Tolibon» oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda qabul qilingani aytiladi. Bu korxonalar va parvozlar faoliyatini izdan chiqardi. Favqulodda xizmatlardan foydalanish imkoniyati va ayollarning onlayn ta’lim olishi ham cheklanib qoldi.

Internet tiklangani haqidagi xabarlar «Tolibon» bunga aloqasi borligini rad etgach tarqaldi. Jumladan, «Tolibon» vakili Zabihulloh Mujohid optik tolali kabellar almashtirilayotganini aytdi. U shu tariqa internet uzilishiga hukumatning aloqadorligini rad etishga urindi.

29 sentabr kuni mamlakat bo‘ylab internet butunlay uzilgan. Dunyo bo‘ylab internet erkinligini kuzatib boruvchi NetBlosks tashkilotiga ko‘ra, optik tolali internetni o‘chirish orqali «Tolibon» mamlakatda yangi axloqiy chora-tadbirlarni joriy etishni boshlagan. BMTning Afg‘onistondagi missiyasi internetga kirishni tezkorlik bilan tiklashga chaqirdi.

Afg‘onistonda internetning o‘chirilishi mamlakatni tashqi dunyodan butunlay uzib qo‘ydi. Bu afg‘on xalqiga jiddiy zarar yetkazadi. Shuningdek, internetning uzilishi iqtisodiy barqarorlikka tahdid soladi hamda dunyodagi eng og‘ir gumanitar inqirozlardan birini yanada chuqurlashtiradi”, deyiladi BMTning bayonotida.

«Tolibon» 2021 yilda AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng mamlakatda hokimiyatni egallagan. Shundan beri ular aholiga qarshi taqiqlar joriy etib kelmoqda. Xususan, ayollar huquqlari cheklab qo‘yildi, qizlarga ta’lim taqiqlanib, harakatlanish erkinligiga to‘siqlar qo‘yildi, «zino» uchun jamoat joyida jazolash va qatl etish holatlari kuzatilmoqda.

2025 yil iyulida Xalqaro jinoiy sud «Tolibon» oliy yetakchisi Haybatulloh Oxundzoda va bosh sudya Abdul Hakim Haqqoniyga qarshi xalqaro hibsga olish orderi chiqardi. Ular insoniyatga qarshi jinoyatlarda, jumladan, ayollarni jinsiga qarab ta’qib qilishda ayblanmoqda.

Mavzuga oid