O‘zbekiston | 22:11 / 15.03.2017
8045
3 daqiqa o‘qiladi

TATUda ilmiy-innovatsion markaz tashkil etiladi

TATU (Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) qoshidagi «Dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualar yaratish markazi» o‘rnida «Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi» tashkil etiladi.

Bu haqda prezidentning «Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida  belgilab qo‘yilgan.

Mazkur markazning asosiy vazifalari sifatida iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlari uchun real ehtiyojlarni hisobga olib, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh, sifatli mahalliy dasturiy mahsulotlarni yaratishga, eng avvalo, TATUda ta'lim olayotgan talabalarni keng jalb etish belgilandi.

Qarorga ko‘ra, markazda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalari buyurtmalari asosida boshqaruv, ishlab chiqarish, biznes va boshqa yo‘nalishdagi jarayonlarni avtomatlashtirishni tizimli va ilmiy tahlil qilish, ularning modellarini hamda algoritmlarini ishlab chiqish hamda joriy etish mexanizmlari yaratiladi.

Markazda yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, TATU talabalari, mutaxassislari va yosh ilmiy xodimlarini milliy dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualarni yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalariga keng jalb etish, xorijiy mamlakatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ilg‘or ilmiy-tadqiqot markazlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ham katta e'tibor qaratiladi.

Qabul qilingan qarorning yana bir muhim ahamiyati shundan iboratki, universitet qoshida Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilmoqda. Mazkur jamg‘armaning mablag‘lari mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatadigan kompaniyalar tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lovdan tushadigan mablag‘larning 1,0 foiz miqdoridagi ajratmalar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlardan shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Jamg‘arma mablag‘laridan:

  • universitet uchun o‘quv darsliklar, ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, jumladan, xorijiy adabiyotlarni xarid qilish, iqtidorli talabalar uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya xarajatlarini qoplash va «Muhammad al-Xorazmiy avlodlari» ilmiy jurnali nashr etilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;
  • universitet va markazning axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tanlov asosida moliyalashtirish, ularning ilmiy va o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan ta'minlash;
  • universitetning iqtidorli talabalari, professor-o‘qituvchilari va yosh ilmiy xodimlarini yetakchi xorijiy oliy ta'lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, universitetda dars berish va markazda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va olimlarni jalb qilish yo‘nalishlarida foydalaniladi.

 

Mavzuga oid