O‘zbekiston | 18:24 / 16.08.2023
39345
4 daqiqa o‘qiladi

50 mingdan ko‘p abituriyent testga bormadi – mandat qachon chiqadi?

Yoz oyining asosiy voqealaridan biri – davlat OTMning bakalavriatiga kirish imtihonlari tugadi. 13 kun davom etgan imtihon haqida tanqidlar va muhokamalar kam bo‘ldi. Test sinovlarida 948 ming abituriyent qatnashishi kerak edi, shundan 50 mingdan oshig‘i imtihonda qatnashmagan.

Foto: Kun.uz

Bu yil OTMga 1 mln 18 ming abituriyent hujjat topshirdi, ularning 946 mingdan ko‘prog‘iga kirish imtihonlarida qatnashish imkoni berildi.

Muhokamadagi mavzular

1-13 avgust kunlari davom etgan imtihon davomida o‘rniga o‘rin kirish yoki shpargalkalardan foydalanishdagi norozilik holatlari haqida deyarli yozilmadi.

Faqat bir nechta holatda test kitobchasini yirtib chiqqan abituriyentlarga oid keyslar tarqaldi va ular testdan chetlatildi. Bloger, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev test qoidalarini buzgan abituriyentlarni jiddiyroq jazolash taklifi bilan chiqdi.

Asosiy e’tirozga sabab bo‘lgan holat Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga harbiy ta’lim muassasalarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, boshqa OTMda esa 15 foiz miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz berilishi bo‘ldi. Imtiyozli abituriyentlarning ballari to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal balldan ham o‘tib ketdi va jamoatchilik faollarining e’tirozlariga sabab bo‘ldi.

Aslida, OTMga kirishda 40 dan ortiq turdagi abituriyentlarda imtiyoz bor, faqat ko‘pchilik imtiyoz turlari asosiy kvotadan tashqarida bo‘lgani uchun kamroq muhokamalar mavzusiga aylanadi.

Imtihon tugadi, endi nima bo‘ladi?

Hozir abituriyentlar kutayotgan eng asosiy narsa – yakuniy mandat. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, abituriyentlarning yakuniy javoblari kirish imtihonlari to‘la yakunlangan sanadan boshlab 1 hafta ichida chiqishi kerak. Demak, 13 avgustda test tugagan bo‘lsa, 20 avgustda mandat e’lon qilinishi kerak.

Lekin o‘tgan yillar tajribasiga qaralsa, mandat ko‘pincha kechikkan. Lekin o‘tgan 2022 yilda javoblar vaqtida e’lon qilingandi. Test sinovlari 8-20 avgust oralig‘ida o‘tkazilib, mandat 27 avgustda e’lon qilingan.

2021 yilda esa natijalar 3 sentabr kuni, test sinovlari yakunlangandan 18 kun o‘tib (11 kun kechikib) e’lon qilingan.

Lekin 2022 yilgi mandat vaqtida chiqqani uchun bu yil ham kechikmasligiga umid qilsa bo‘ladi.

Natijalar qanday?

Bu yilgi kirish test sinovlarida 948 486 nafar abituriyent ishtirok etishi belgilangandi. Bilim va malakalarni baholash agentligiga ko‘ra, abituriyentlarning 50 ming nafardan ortig‘i test sinovlariga kelmagan.

Kirish imtihonlarida abituriyent talaba bo‘lish uchun to‘plashi kerak bo‘lgan eng minimal ball – 56,7 ball. Grantga kirish uchun minimal ball esa 68 ni tashkil qiladi. Ochiq ma’lumotlar bazasiga qaralsa, o‘rtacha ballar nuqtai nazaridan yetakchilik Buxoro viloyatida turibdi.

Buxoro viloyati abituriyentlari o‘rtacha 70,8 ball to‘plagan.

Keyingi o‘rinlarda:

Toshkent shahri – 68,96 ball;

Farg‘ona viloyati abituriyentlari – 66,4 ball to‘plab yetakchi o‘rinlarni band qilgan.

Lekin minimal o‘tish ballini to‘play olmagan abituriyentlar ham yetarlicha.

440 ming nafar atrofidagi abituriyent minimal o‘tish ballidan kamroq ball olgan.

Ma’lumot uchun: imtihonda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball – 189 ball.

Hozircha abituriyentlar uchun eng asosiy fokus mandat qachon e’lon qilinishi bilan bog‘liq. Xushnudbek Xudoyberdiyevning yozishicha, mandat, asosan, imtiyozli abituriyentlarning natijasini hisoblash evaziga cho‘zilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bu yil OTMning bakalavriatiga qabul uchun 190 mingga yaqin kvota ajratilgan.

Mavzuga oid