16:11 / 03.08.2023
16799

«Temurbeklar maktabida o‘qimagan bolalarning aybi yo‘q» – faollar bir toifa abituriyentlarga ball qo‘shib berilishidan norozi

Foto: Prezident matbuot xizmati

OTMga kirish imtihonlarining birinchi kun natijalari e’lon qilindi. Mandat e’lon qilayotgan saytda ko‘rish mumkinki, maksimal ball 189 ball bo‘lishiga qaramay 200 balldan oshiq to‘plagan abituriyentlar ham bor. Bu yuqori ballar Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga tegishli.

200 balldan yuqori to‘plaganlar – Temurbeklar maktabi bitiruvchilari.

Qonunchilikda Temurbeklar maktabi bitiruvchilariga harbiy ta’lim muassasalarida o‘zlari to‘plagan ballarning 30 foizi miqdoridagi, boshqa OTMda esa 15 foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz berilishi belgilangan.

Lekin ularga berilayotgan imtiyoz sabab maksimal ballni to‘plagan abituriyent ham kontrakt asosida o‘qishga kirishi ehtimoli yuqori.

«Natijada har yili Temurbeklar maktabi ayrim bitiruvchilarining ballari amalda to‘plash mumkin bo‘lgan eng maksimal 189 balldan ham oshib ketadi. Ya’ni oddiy qishloq maktabida o‘qigan o‘quvchi barcha savollarga to‘g‘ri javob bergan taqdirda ham, 189 ball bilan kontraktga kirishi mumkin. Chunki o‘sha oddiy qishloq bolasining o‘rnini o‘ta zamonaviy sharoitlardagi Temurbeklar maktabida o‘qib, imtiyoz olgan bolalar egallaydi.

Qani inson qadri? Qani Konstitutsiyadagi tenglik? Qani hamma yoqda jar solinayotgan ijtimoiy adolat?

Amir Temurning asosiy shiori adolat bo‘lgan. U adolatni har narsadan ustun ko‘rgan. Lekin bizda Temur izdoshlari bo‘lgan bo‘lg‘usi harbiylar kirish imtihonlarida adolatsizlik timsoliga aylanib qolgan. Bu kulgili emasmi?» deb yozdi bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

U maktab bitiruvchilariga berilayotgan imtiyoz bekor qilinishini yoki hech bo‘lmaganda umumiy kvotadan tashqari hisoblanishi kerakligini taklif qildi.

Bloger Shahnoza Soatova esa oddiy sharoitda o‘qiyotgan bolalar o‘zlari maksimal ball olib ham imtiyozi borlar ulardan yuqoriroq ball to‘plasa, noto‘g‘ri bo‘ladi degan fikrda.

«Maxsus maktablarda alohida maxsus sharoitlar, yaxshi o‘qituvchilar, ta’lim sifati yuqori bo‘lsa-da, yana uning bitiruvchilari imtiyoz bilan oliy ta’lim muassasasiga kirsa. Boshqa soliq to‘lovchilarning o‘zi repetitorga qatnab o‘qigan farzandlari umidi so‘nadi-ku», deb hisoblaydi Shahnoza Soatova.

Bloger Qobil Xidirovning fikricha, imtiyoz boshqalarni kamsitmasligi kerak. «Bunaqa adolatsiz imtiyoz bekor qilinishi lozim. Temurbeklar maktabida o‘qimagan bolalarning aybi yo‘q», deydi u.

Iqtisodchi Otabek Bakirov esa «Yo‘qolsin imtiyoz!» sarlavhali postida ta’lim sohasidagi imtiyozlar faqatgina nogironligi bor va ota-onasiz abituriyentlar uchun hamda depressiv mintaqalarda tug‘ilganlar uchun umummilliy manfaatlardan kelib chiqib, cheklangan muddat davomida berilishi kerakligini ta’kidladi. 

«Qolganlar imtiyoz olgani yoki so‘ragani uyalishi kerak. 

To‘rt muchangiz sog‘mi, otangiz, onangiz kimligidan qat’i nazar, millatingiz, jinsingizga qaramay, marhamat qilib, raqobatga kirishing. Kurashing. Yuting. Haloli bo‘lsin. Yutqazing. Yana kurashga kiring», deb yozdi u.

Ma’lumot uchun, Qabul komissiyasi bayoni bilan davlat oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun 43 ta turdagi imtiyoz borligi tasdiqlangan.

Mavzu
Qabul-2023
2022/23 o‘quv yili uchun ixtisoslashgan va prezident maktablari, kollejlar, texnikumlar, bakalavriat va magistraturaga qabul hamda o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha yangiliklar.
Barchasi
Top