O‘zbekiston | 17:58 / 15.04.2022
15466
10 daqiqa o‘qiladi

NHH muhokamalari: Adliya vazirligining izohi qanchalik asosli?

O‘zbekistonda barcha normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishdan oldin jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish shartligi haqidagi majburiy talab bekor qilindi. Adliya vazirligi bu o‘zgarishni tushuntirishga urindi, biroq vazirlik keltirgan argumentlarning barchasiga nisbatan savollar yetarli.

Foto: Adliya vazirligi

Adliya vazirligi barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishiga doir tartib bekor qilinishi ortidan kelib chiqqan norozilik va muhokamalarga munosabat bildirdi.

“Qonunda mavjud emas”mi?

Vazirlik eng avvalo “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga e’tibor qaratgan. Qonunning 24-moddasida shunday deyiladi:

“Ishlab chiquvchi tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalari normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish uchun qonunchilikda belgilangan tartibda joylashtiriladi”.

Adliya vazirligi bu moddaning “qonunchilikda belgilangan tartibda” degan qismiga urg‘u qaratgan holda, “qonunda barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari jamoatchilik muhokamasiga joylashtirilishi shartligi haqida talab mavjud emas” deb bayonot berdi.

Biroq ta’kidlash lozim, prezidentning 2018 yil 13 apreldagi qarorida 2018 yil 1 maydan boshlab barcha (!) NHH loyihalari jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilishi lozimligi belgilangan edi.

Prezidentning 2021 yil 15 martdagi qarorida esa barcha (!) NHH loyihalari majburiy tartibda (!!) jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilishi ko‘zda tutilgandi.

Ayni shu qarorlardagi talablar – “qonunchilikda belgilangan tartibda” degan qoidaning to‘g‘ridan to‘g‘ri ifodasi. Ya’ni, qonunda qonunosti hujjatiga havola ko‘rsatilgan, qonunosti hujjat vazifasini esa prezidentning ikkita qarori bajarmoqda. Shunday ekan, Adliya vazirligining “qonunda bunaqa talab yo‘q” qabilidagi bayonoti o‘quvchini chalg‘itishi mumkin. To‘liqroq qilib aytganda esa, “qonunchilikda bunaqa talab bor edi, 2022 yil 18 martdan boshlab bekor qilindi”.

Kuni kecha ma’lum bo‘lganidek, yuqoridagi ikkita qarorga 18 mart kuni o‘zgartirishlar kiritilgan: hujjatlardagi “barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, majburiy tartibda degan so‘zlar “muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari, qoida tariqasidadegan so‘zlar bilan almashtirilgan.

Ayni shu o‘zgarishga nima sabab bo‘lgani (jamoatchilikda e’tiroz uyg‘otgan asosiy masala)ga vazirlik o‘z bayonotining eng so‘ngida izoh bergan. Bu haqda quyiroqda so‘z yuritiladi.

Istisnolar majburiyatni ham o‘rtaga chiqarmoqda

Bayonotda keltirilgan ikkinchi argumentga ko‘ra, qanday hujjatlar jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmasligi prezidentning 2021 yil 15 martdagi qarorida belgilab qo‘yilgan. Bu qarorga binoan, quyidagi hollarda loyihalar jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmaydi:

  • favqulodda vaziyatlarning oldini olish yoki ularning oqibatlarini bartaraf etish, yuqumli va parazitar kasalliklar tarqalishining oldini olish bo‘yicha cheklovchi tadbirlarni belgilashga qaratilgan loyihalar;
  • yangi qabul qilingan qonunchilik hujjatlarining talablariga muvofiqlashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni nazarda tutuvchi loyihalar;
  • tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishni nazarda tutmaydigan loyihalar.

Qayd etish lozimki, mazkur istisnolar yuqoridagi qaror bilan tasdiqlangan nizomda sanab o‘tilgan, bevosita qaror matnida esa barcha NHH loyihalari majburiy tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi ta’kidlangan edi. Ya’ni 18 martda o‘zgartish kiritilgunga qadar, qaror va uning ilovasi o‘rtasida huquqiy kolliziya bo‘lgan.

Qolaversa, istisnolar ro‘yxatidagi uchinchi band quyidagicha xulosa chiqarishga asos bo‘ladi: tadbirkorlik faoliyatiga, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishni nazarda tutadigan loyihalar jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi kerak. Buni esa Adliya vazirligi nazorat qilishi zarur. Biroq mazkur mezonlarga mos tushuvchi ko‘plab hujjatlar muhokamaga chiqarilmasdan qabul qilib kelinayotgani sir emas.

Hukumat qarori prezident qaroriga zid ravishda qabul qilingan

“Uchinchidan, qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘layotgan norma yangilik emas. Chunki Vazirlar Mahkamasi Reglamentining 30-bandiga ushbu masala yuzasidan 2021 yil 16 avgustda tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan”, deya davom ettirilgan Adliya vazirligining bayonoti.

Vazirlar Mahkamasining reglamenti Vazirlar Mahkamasi qarori asosida tasdiqlangan. Biroq bu paytda barcha NHH loyihalarini muhokamaga chiqarishga oid prezident qarorlari hali amalda edi. Qonunga binoan, prezident qarorlari hukumat qarorlaridan ustun turadi.

Muhokamalar eng avvalo regulation.gov.uz'da o‘tkazilishi kerak

Adliya vazirligi o‘z izohida regulation.gov.uz portali loyihalarni jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazishning “yagona manbayi emas”ligini ta’kidlagan. Buning uchun loyiha mualliflarining rasmiy saytlari va jamoatchilik.uz portali ham borligini eslatgan.

Bu o‘rinda yana “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi: Qonunning yuqorida keltirib o‘tilgan 24-moddasida jamoatchilik muhokamasi NHH loyihalari muhokamasi portalida o‘tkazilishi yozib qo‘yilgan.

Ya’ni O‘zbekistonda huquqiy tashabbuslarni muhokama qilishning birlamchi maydoni bu – regulation.gov.uz. Boshqa rasmiy saytlarda muhokama o‘tkazish uchun zaruriy texnik imkoniyatlar deyarli yo‘q.

Adliya vazirligining bayonotda ta’kidlab o‘tgan yana bir eslatmasi esa barcha davlat organlari, xususan 18 martdagi bahsli qaror loyihasini o‘z saytida muhokamaga chiqarmagan Adliya vazirligining o‘ziga ham taalluqli:

“Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ishlab chiqilayotgan loyihalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ularning faoliyati to‘g‘risidagi axborot jumlasiga kiradi. Demak, tashkilotlarning o‘zlari ishlab chiqqan loyihalarni rasmiy veb-sahifalarida e’lon qilib borish majburiyati qonun darajasida mustahkamlangan”.

Xorijiy tajriba...

Adliya vazirligi loyihalarning jamoatchilik muhokamasiga “manzilli yondashuv” xorijiy tajribada ham borligini aytarkan, bu borada faqat Belarus va Rossiyani namuna qilib ko‘rsatgan xolos.

Bu ikki mamlakatning Jahon banki yuritadigan Boshqaruv sifati indikatorlaridagi o‘rni havas qilarli emas (O‘zbekiston bu indikatorlarni rasman tan oladi). 2020 yildagi indeksga ko‘ra, Aholi fikrini hisobga olish va hisobdorlik” indikatorida Rossiya Afg‘oniston bilan teng ball to‘plagan bo‘lsa, Belarus bu reytingda so‘nggi yigirmatalikdan joy olgan.

Barcha NHHlarni muhokamaga chiqarish talabi nega bekor qilindi?

Adliya organi mazkur savolga javoban, loyihalarni keng muhokamaga qo‘yishdagi manzilli (yoki tanlama) yondashuv “vaziyat va zamon taqozosi” ekanini bildirdi.

“Norma ijodkorligi nuqtayi nazaridan pishiq bo‘lmagan loyihalarning portalga joylanishi keng jamoatchilikda norozilik va rezonanslarni keltirib chiqarishi mumkin.

Shuningdek, so‘nggi vaqtlarda ishlab chiquvchilar tomonidan boshqa vazirlik va idoralarning vakolatlari, vazifalari va javobgarligiga taalluqli bo‘lgan loyihalarni ishlab chiqish holatlari uchrab turibdi.

Bu esa o‘z navbatida, tegishli vazirlik va idoraning huquqiy holati va imkoniyatlarini to‘la baholamagan holda sifatsiz, puxta ishlanmagan hamda belgilangan tartibda kelishilmagan holda fuqarolar, tadbirkorlik faoliyati sub’yektlariga majburiyatlar yuklovchi, ularning faoliyatida byurokratik to‘siqlarni vujudga keltiruvchi loyihalarning ishlab chiqilishiga olib kelmoqda.

Ko‘rinib turibdiki, loyihalarining jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishida manzilli yondashuv vaziyat va zamon taqozosidir”, deyiladi vazirlik izohida.

Bayonotdan ko‘rinadiki, pishiq bo‘lmagan loyihalar muhokamaga chiqib ketishining oldini olish uchun boshqa usullar, masalan loyihani barcha manfaatlar vazirlik va idoralar bilan kelishgandan keyin muhokamaga chiqarish tartibiga o‘tish masalasi ko‘rib chiqilmagan bo‘lishi mumkin.

Tan olish kerakki, barcha NHH loyihalarini muhokamaga chiqarish talabi amal qilgan davrda ham ko‘plab holatlarda unga rioya etilmay kelayotgan edi. Bu talabning keskin yumshatilishi jamoatchilikning qabul qilinayotgan hujjatlarga ta’sir o‘tkazish imkoniyatini yanada kamaytirishini kutish mumkin.

Yangi tartibga ko‘ra, qaysi loyihani muhokamaga qo‘yish-qo‘ymaslikni amalda tashabbuskorning o‘zi hal qiladi. “Muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega” degan mezonni esa har kim turlicha talqin qilishi mumkin.

Eng asosiysi, tashabbuskorlar o‘z loyihalari muhim iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy ahamiyatga ega ekanini tan olgan taqdirda ham, bu ularga loyihani jamoatchilik bilan maslahatlashish majburiyatini yuklamaydi, chunki belgilangan normalar “qoida tariqasida” amal qilishi yozib qo‘yildi.

Komron Chegaboyev,
jurnalist

Mavzuga oid