«Sizlarni deb xalq oldida sharmanda bo‘lyapmiz» – senator vazir o‘rinbosarining hisobotidan qoniqmadi
Oliy Majlis Senati kengashining 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisida senator Qutbiddin Burxonov energetika vaziri o‘rinbosari Behzod Normatovning hisobotidan ko‘ngli to‘lmaganini, aynan ularni deb senatorlar xalqning oldida sharmanda bo‘layotganini aytgan.
«Siz xalqning ichiga kirib ko‘ring. Mening oldimga Farg‘onadan oqsoqol keldi: «Kechasi gaz o‘chganiga nabiramning qoshi sovuqdan muzlab qoldi, operatsiya qilib olib tashlamoqchi», deydi. Ularga qanaqa qilib javob berasiz?! Senat raisi bu yilgi qishni qanday qilib o‘tkazib olish haqida bir necha marta savol berdilar. Aniq javob bering aholiga.
Hududlarga borgan vaqtimizda xalq bizni yeb qo‘yay dedi. «Uyimga kirib ko‘ring», deyapti. Kirib ko‘ryapmiz. Yashash sharoitlari og‘ir, odam muzlab qolyapti. Na svet bor, na gaz bor. Nima qilish kerak? Aholiga aniq javob bering. Bu yil shunday o‘tib ketishi kerakmi? Xalqqa nima deb javob beraylik», deya Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Behzod Normatov bu haqda majlis avvalida o‘qilgan hisobotida ma'lumot berganini, majlisda energoresurslar ta'minotiga mas'ul korxonalarining rahbarlari ham qatnashayotganini aytgan paytda Burxonov uning so‘zini bo‘lib, ularning rahbari sifatida Normatovdan savolga shaxsan o‘zi javob berishini talab qildi.
Behzod Normatov:
– Vazirlikda yillik balans ishlab chiqariladi. Har bitta hokimiyat, har bitta tuman hokimlari bilan birgalikda har bitta tumanda qancha energoresurs iste'mol bo‘lishi kerakligini...
Qutbiddin Burxonov:
– Shularning planirovkasi ham noto‘g‘riligini men hisobotda aytdim. Shularning kerakligini aytgani bilan vaqtida bermayotganligi, bajarmayotganligi. Siz respublika bo‘yicha shu vazirlikning rahbarisiz. Aniq ayting, bu yil qishda xalq issiqlik bilan ta'minlanadimi, yo‘qmi?
Behzod Normatov:
– Masalan, men o‘zim ham qishloqda turaman. O‘zimning uyimda ham ikki-uch marta svet o‘chadi. Sababini so‘rayman, transformator yonib ketgan bo‘lsa, nega bunday qildinglar, deb aytolmayman.
Qutbiddin Burxonov:
– Nega shuning chorasini yozda ko‘rmaymiz. Aholi kundan kunga ko‘p elektr sotib olyapti. Oddiy sochini tarash uchun ham, yuvinish uchun, quritish, muzlatkich, isitkichlar. Lekin shuning hisob-kitobini kimdir qilishi kerak-ku?
Behzod Normatov:
– Rejalashtirilayotgan men boya sizga aytdim...
Qutbiddin Burxonov:
– Bu yil qishni issiqda o‘tkazadimi yoki sovuqda o‘tkazadimi, xalq? Aniq javob berish kerak.
Behzod Normatov:
– Keragidan, masalan, joyidan kelib chiqib, qancha talab oshayotgan bo‘lsa, ma'lumot kelib tushsa, o‘sha tarafga mavjud infrastrukturaning imkoniyatidan kelib chiqib, maksimal darajada beriladi. Men hozir qaysi qishloq deyilayotgan bo‘lsa, hududiy elektr tarmoqlari o‘rganib chiqib, hisobini beradi. Agar men xohlagan taqdirimda ham transformator oshgan talab bo‘yicha yetkazib berish imkoniyati bo‘lmasa, xohlaganimcha o‘tkaza olmayman-ku, to‘g‘rimi?
Qutbiddin Burxonov:
– Bitta nimstansiyaga 20-15ta transformator ulagan xodimlaringiz. Tabiiy, 2 soatda tashlab yuboradi. Nega qaramaysizlar, odamlar bu transformatorlar 30-40 yildan beri turibdi, deyapti. Men javobingizdan umuman qanoatlanmadim. Xalqning oldida sizlarni deb, senatorlar sharmanda bo‘lyapti. Uzr.
Mavzuga oid
21:05 / 22.12.2024
Qatar Yevropaga gaz yetkazib berishni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi
13:29 / 22.12.2024
Samarqandda tabiiy gaz va elektrdan qarzdorlikni yo‘q qilib bermoqchi bo‘lgan xodimlar ushlandi
15:57 / 21.12.2024
O‘zbekistonda gaz, neft va benzin ishlab chiqarish kamayishda davom etyapti
07:40 / 21.12.2024