O‘zbekiston | 10:00 / 29.11.2017
104614
6 daqiqa o‘qiladi

Vazirlar Mahkamasining yangilangan tarkibi. Qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi?

27 noyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi faoliyatini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarori qabul qilindi. 

Ushbu qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari, hukumat apparati tarkibiy bo‘linmalari rahbarlarining samarali va natijali ishini ta'minlash, ularning shaxsiy mas'uliyatini kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasining ijro etuvchi tuzilmasi qayta shakllantirilib, yangi komplekslar va vazirlik tashkil etildi.

Qarorga binoan Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari kompleksi rahbarlari lavozimlari kiritildi (Bu kompleks shu vaqtgacha bosh vazir tasarrufida bo‘lgan Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy tarbiya va sport masalalari axborot-tahlil departamenti hamda Madaniyat, san'at va turizmni rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti o‘rnida yuzaga keldi). 

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Innovatsion rivojlantirish vazirligi tashkil etildi.

Nodir Otajonov va Zoyir Mirzayev rahbarlik qilayotgan komplekslar nomi, mos ravishda, Tashqi savdo faoliyati, eksport salohiyati, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash va yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi hamda Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksi deb o‘zgartirildi. Birinchi o‘rinbosar Ochilboy Ramatov, o‘rinbosarlar Alisher Sultonov va Tanzila Norboyevaning vazifalari o‘zgarmagan.

Quyida bu o‘zgarishlardan keyingi yangilangan hukumat tarkibi bilan tanishish mumkin. Endi hukumatda sakkiz nafar bosh vazir o‘rinbosari bor.

Vazirlar Mahkamasining shaxsiy tarkibi

Foto: Uzdaily

Abdulla Nig‘matovich ARIPOV

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri

Madaniyat, san'at va yoshlar siyosati masalalari departamenti;

Axborot tizimlari va telekommunikatsiyalarini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti; 


O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari:

Ochilboy Jumaniyazovich RAMATOV

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari - «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi - Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksining rahbari;

Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti;

Kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamenti;

 

Foto: XPK

Jamshid Anvarovich QO‘ChQOROV

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish, moliya va bank tizimlarini isloh qilish, xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish masalalari kompleksining rahbari;

Iqtisodiy rivojlantirish, tarkibiy o‘zgartirishlar, bank va moliya tizimini isloh qilish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari yig‘ma axborot-tahlil departamenti;

Investitsiya dasturlarini shakllantirish va amalga oshirish monitoringini muvofiqlashtirish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish masalalari axborot-tahlil departamenti;

 

Foto: SamDU

Zoyir Toirovich MIRZAYeV

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari - Qishloq va suv xo‘jaligi vaziri - Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari.

Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash hamda iste'mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamenti

 

Nodir Sobirovich OTAJONOV

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, «O‘zagrotexsanoatxolding» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi –  Tashqi savdo faoliyati, eksport salohiyati, mashinasozlik, avtomobilsozlik, elektrotexnika, mudofaa, paxtani qayta ishlash va yengil sanoatni rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari kompleksi.

Tashqi savdo faoliyati, iqtisodiyot tarmoqlari va respublika hududlarining eksport salohiyatini rivojlantirish masalalari axborot-tahlil departamenti;

Mashinasozlik, avtomobil va elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari axborot-tahlil departamenti;

 

Alisher Saidabbasovich SULTONOV

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi – Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari.

Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari axborot-tahlil departamenti;

 

Tanzila Kamalovna NORBOYeVA

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, O‘zbekiston xotin-qizlar qo‘mitasi raisi.

 

Foto: XPK

Suxrob Rustamovich XOLMURODOV - Investitsiyalar, innovatsion rivojlantirish, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatini muvofiqlashtirish, turizm masalalari kompleksi rahbari.

Qahramon AKMALOV - Ta'lim, sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, jismoniy madaniyat va sport masalalari kompleksi rahbari.

Mavzuga oid