O‘zbekiston | 12:25 / 08.02.2024
5809
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosining 2 ta yangi bekati qachon ochilishiga izoh berildi

Kun.uz so‘rovidan so‘ng Transport vazirligi “Turon” va “Qipchoq” bekatlaridagi sinov jarayonlari 15 martga qadar o‘tkazilishini ma’lum qildi. Sinov yakunlangach yerusti metro liniyasining yangi bekatlar uchastkasi foydalanishga topshiriladi.

Foto: Transport vazirligi

7 fevral kuni Kun.uz yerusti metro liniyasining 2-bosqichi doirasida qurilib, salkam 2 oydan beri tekshirish jarayonlari yakunlanmagan “Turon” va “Qipchoq” bekatlari yuzasidan xabar e’lon qilgandi. Unda mas’ullar yangi bekatlar qachon ochilishi bo‘yicha aniq javob bermayotgani aytilgandi.

Transport vazirligi mazkur xabar bo‘yicha rasmiy munosabat e’lon qildi. Unga ko‘ra, sinov jarayonlari shu yilning 15 mart kuniga qadar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ishlar yakunlangach, yerusti metro liniyasining “Turon” va “Qipchoq” bekatlarini o‘z ichiga olgan uchastkasi foydalanishga topshiriladi.

“Bugungi kunda yerusti metro liniyalarini qurish, foydalanishga topshirish, topshirish oldi sinov jarayonlarini o‘tkazish o‘rganilgan xorij tajribasi natijalaridan kelib chiqib, shuningdek, sinov jarayonlarini o‘tkazish bo‘yicha tasdiqlangan me’yoriy texnik talablar asosida amalga oshirilmoqda”, – deyiladi rasmiy xabarda.

Eslatib o‘tamiz, Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesigacha bo‘lgan “Turon” va “Qipchoq” metro bekatlarining qurilishi 2023 yil so‘ngida yakunlanib, 15 dekabr kuni poyezdlar harakati sinov tariqasida boshlangan edi.

Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan yerusti halqa yo‘li jami 7 ta metro bekatini o‘z ichiga olgan. Uning qurilishi 2020 yilning dekabr oyidan boshlangan. 2023 yil aprel oyida bekatlarning 5 tasi aholiga foydalanishga topshirilgandi.

Mavzuga oid