2020 yilning dekabr oyida “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Ko‘prikqurilish” tresti unitar korxonasi tomonidan yerusti halqa metro liniyasining 2-bosqichi qurilish ishlari boshlangan edi. Ayni paytda ushbu uchastka hududlarida qurilish ishlari  olib borilyapti.  

Transport vazirligi Kun.uz’ga yangi metro bekatlari haqida ma’lumotlarni taqdim etdi.  

Rejaga muvofiq, ushbu loyiha ishga tushirilishi natijasida metropolitenda kunlik yo‘lovchi tashish hajmi 40 ming yo‘lovchiga oshishi kutilyapti.  

Bundan tashqari, kuniga Qo‘yliq – Sergeli yo‘nalishida harakatlanayotgan yengil avtomobillar 32 mingtaga, kunlik harakat masofasi 480 ming kmga hamda yoqilg‘i sarfi 38,5 ming litrga kamayadi. 

Atrof-muhitga avtomobil transportidan ajraladigan zararli gazlar kunlik 3,7 tonnaga qisqarishi mumkin.

Bir yo‘lovchining ushbu yo‘nalish bo‘yicha manziliga yetib olish vaqti 30 daqiqaga (50 dan 20 daqiqaga) tejaladi.  

Yerusti halqa metropoliten liniyasining 2-bosqichi ishga tushirilganda 245 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi kutilyapti. 

Ushbu bosqich qurib bitkazilishi bilan Toshkent metropolitenining jami uzunligi 70,5 kilometrdan ziyod bo‘ladi. Bekatlar soni 50 taga yetadi.  

Qo‘yliqdan Sergeligacha metro – nimalar kutilyapti?

Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi va Sergeli yo‘nalishini bog‘lovchi Qo‘yliqdan Sergeligacha bo‘lgan metropolitenda 7 ta bekat bo‘ladi. Uning uzunligi 12 kilometr. Ayni kunlarda uning Quruvchilar dahasigacha borgan 5 ta bekati qurib bitkazildi.  

Transport vazirligining aytishicha, yangi bekatlar bitgach, Sergeli va Yangihayot tumani hududidagi 10 ta mahallaning 48 ming nafar aholi va yuqori yo‘lovchi oqimiga ega 9 obekt yangi metro yo‘nalishi bilan qamrab olinadi.   

Hozirda Rohat va Qo‘yliq yo‘nalishi bo‘yicha viloyatdan kirib kelayotgan yo‘lovchilar Sergeligacha 55 daqiqada yetib boradi. Yangi liniyalar orqali Sergeliga Rohat aylanmasidan 20 daqiqa, Qo‘yliq bozoridan 15 daqiqada borish mumkin bo‘ladi.   

Sergeli va Yangihayot tumanlari sharqiy qismi aholisining shahar markaziga yetib borish vaqti 50 daqiqadan 25 daqiqaga qisqaradi.