Jahon | 14:36 / 07.07.2025
2441
2 daqiqa o‘qiladi

Texasda suv toshqini qurbonlari soni 78 kishiga yetdi

Texasda topilgan 78 nafar toshqin qurbonlaridan 68 nafari Kerr okrugiga to‘g‘ri keladi. 41 kishi hamon bedarak yo‘qolgan. Tramp Bayden ma’muriyatini tabiiy ofatlar yomon menejmentida aybladi.

Foto: REUTERS/Sergio Flores

7 iyul, dushanba kuni ertalab AQShning Texas shtatida toshqin oqibatida halok bo‘lgan 78 kishining jasadi topildi. Tabiiy ofatdan eng ko‘p jabr ko‘rgan Kerr okrugi sherifi Larri Leytning so‘zlariga ko‘ra, 6 iyulgacha birgina shu mintaqada 68 qurbon, jumladan, 28 bola qayd etilgan.

Texas gubernatori Greg Abbotning aytishicha, 41 kishi bedarak yo‘qolgan. Rasmiylar, shuningdek, Guadalupe daryosi yaqinida joylashgan Camp Mystic yozgi lageridagi 10 qiz va bir yoshi katta insonni qidirishni davom ettirmoqda. Tabiiy ofat paytida lagerda 750 ga yaqin odam bo‘lgan. Ularning aksariyati muvaffaqiyatli evakuatsiya qilindi. 6 iyul kuni yuzlab qutqaruvchilar itlar va 17 ta vertolyot yordamida bedarak yo‘qolganlarni qidirishni davom ettirdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp 6 iyul kuni jurnalistlar bilan suhbatda Texasda yuz bergan suv toshqinini hech kim kutmagan «asr falokati» deb atadi. U fojia ko‘lamida o‘zidan oldingi davlat rahbari Jo Bayden ma’muriyatini aybladi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, u ofatlar oqibatlariga qarshi kurashda yomon ish qilgan. Nega mintaqadagi dam oluvchilar suv toshqini xavfi haqida o‘z vaqtida ogohlantirilmagan va oldindan evakuatsiya qilinmagan, degan savolga Tramp: «Bu bizning tashkilotimiz emas edi», deb javob berdi.

AQSh Mustaqillik kuni suv toshqinlari kuchli yog‘ingarchilik tufayli yuzaga kelgan, yog‘ingarchilik har kvadrat metrga 300 litrni tashkil etgan, bu Kerr okrugidagi o‘rtacha yillik yog‘ingarchilikning uchdan bir qismidir.

Mavzuga oid