15:52 / 17.06.2015
6331

Mirjalol Qosimov KXDRga qarshi o‘yin uchun tarkibda darvozabon tanlashda xato qilganini tan oldi

16 iyun kuni Mirjalol Qosimov boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2018 yili Rossiyada bo‘ladigan Jahon chempionati uchun saralash o‘yinlarining 2-bosqichidan o‘rin olgan uchrashuvda KXDR terma jamoasidan 2:4 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi a'zolari 17 iyunga o‘tar kechasi charter reysi orqali Toshkentga qaytib kelishgan.

Championat.asia sayti xodimi Shahboz Beg‘amov terma jamoa murabbiyi Mirjalol Qosimov bilan intervyu uyushtirgan.

Jurnalist uni aeroportdan chiqishi bilanoq safardagi o‘yin haqidagi taassurotlari bo‘yicha savolga tutadi.

"Uchrashuv boshlanishi bilan tezkor gol o‘tkazib yubordik. Uchta golni ham KXDR standart vaziyatlaridan urdi. Ikkita burchak zarbasi va bitta autdan so‘ng gol qo‘yib yubordik. Bunday voqealar rivojini hech kim kutmagan edi. Tezkor gollar barcha rejalarimizni buzib yubordi. Sun'iy qoplamali maydonda o‘ynadik. To‘rtinchi golni esa qarshi hujumda urishdi. Ikkinchi taymda hujum qildik, vaziyatlar yaratdik. Biroq hisobdagi farqni butunlay yo‘qqa chiqara olmadik. Futbolchilar tanaffusdan keyin ham qo‘l siltashmadi, harakat qilishdi. Lekin vaziyatni o‘zgartirish qiyin edi. Hisob yiriklashib ketganidan keyin to‘xtab qolmadik va imkon qadar futbolchilar ham o‘ynashdi va ikkita gol kiritishga erishishdi. Bunaqangi o‘yinlarda bu kabi oddiy xatolarga yo‘l qo‘yish kerak emas. Barcha gollarni o‘zimizning xatolarimiz evaziga o‘tkazib yubordik. Bu o‘yinda yutqazishimiz kerak emasdi. Biroq futbolchilar sun'iy qoplamali maydonda o‘zlari istagandek harakat qila olishmadi. O‘yindan bir kun oldin mashg‘ulot o‘tkazgandik, lekin futbolchilar bunaqa maydonda tezda moslashib keta olishmaydi", - deya o‘yin haqidagi fikrlarini bildirdi Mirjalol Qosimov.

Unga tarkib borasida berilgan savolga javoban, u darvozani qo‘riqlashni Ignatiy Nesterovga ishonib xato qilganini, uning o‘rnida Eldor Suyunovni o‘ynatmaganiga afsuslanayotganini qayd etgan. Qosimov, jamoaning asosiy darvozaboni bunday kulgili xatolar qilmasligi kerakligini ta'kidlagan.

Jurnalist Qosimovga bu mag‘lubiyat uning faoliyatiga qanday ta'sir qilishiga qiziqib savol bergan.

"Ertaga nima bo‘lishi Xudo biladi. Nima bo‘lsa, o‘shanda ko‘ramiz. Bugun nima qilib bo‘lsa ham g‘alaba qozonishimiz shart edi. Oddiy vaziyatlardagi xatolar, bir o‘yinda keragidan ortiq xatolarga yo‘l qo‘ydik. Sun'iy qoplamali maydon ham baribir ta'sir ko‘rsatdi. Odil Ahmedovda imkoniyat bo‘ldi, Tursunov, Nasimov gol urishi mumkin edi. Biroq vaziyatlardan unumli foydalana olmadik", deydi bu savolga javob beradi murabbiy.

Intervyu so‘ngida Mirjalol Qosimov O‘zbekiston terma jamoasi guruhdan keyingi bosqichga albatta chiqishini, bunga shubhalanmasligini bildirgan.

"Filippin g‘alaba qozonganidan xabardormiz. Aytganimdek, Filippin tarkibida yaxshi futbolchilar jamlanishgan. Ularga oddiy raqibdek qaramaslik lozim. O‘zbekiston terma jamoasi bu guruhdan chiqadi", deydi u.

Endi O‘zbekiston terma jamoasi JCh saralashidan o‘rin olgan navbatdagi uchrashuvni shu yilning 3 sentabr kuni o‘z maydonida Yaman terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.

Top