18:09 / 24.06.2015
7681

«Boka Xuniors»da o‘zbekistonlik futbolchi paydo bo‘ldi

Argentinaning «Boka Xuniors» jamoasining AQShdagi 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilardan iborat jamoasi tarkibida o‘zbekistonlik 20 yoshli futbolchi paydo bo‘lgan.

Tohir Usmonov ismli bu yosh futbolchi feysbukdagi sahifasida o‘zining shaxsi va futbolchilik faoliyati haqidagi ba'zi ma'lumotlarni yozib qoldirgan.

Unga ko‘ra, Tohir Usmonov 1994 yilning 24 noyabrida, Toshkent shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 9 yoshida oilasi bilan AQShga ko‘chib ketgan. U 14 yoshidan boshlab Nyu-Jyersidagi futbol maktabida o‘qish barobarida futbolchilik faoliyati bilan shug‘ullanganini va «Olive» ilk jamoasi ekanini yozgan.

U bu jamoada 4 yil davomida harakat qilgan, futbol maktabini tamomlagach, O‘zbekistonga kelgan. U 2013 yilda «Paxtakor» jamoasining yoshlari tarkibida o‘ynagan. 2014 yilda esa «Andijon» bilan 1 yillik shartnoma imzolagan. Shartnomasi muddati yakuniga yetgach, Tohir Usmonov yana AQShga qaytib ketgan.

U o‘z feysbukida 22 iyun kuni «Boka Xuniors-AQSh» jamoasi bilan shartnoma imzolagani haqida ma'lum qilgan.

Klubning tvitterdagi akkauntida ham futbolchi bilan shartnoma tuzilganini tasdiqlovchi suratlar paydo bo‘lgan. Usmonov bilan shartnoma tuzilishi haqidagi suratda «yangi yulduzmi?» deya ta'rif berishgan.

Top