16:34 / 23.07.2015
2695

Krasnoyarskdagi YTH qurbonlarining oila a'zolariga 300 ming rubldan yordam puli ajratiladi

Krasnoyarsk o‘lkasi gubernatori Viktor Tolokonskiy o‘lka zaxira fondidan 22 iyul kuni yuz bergan yirik yo‘l transport hodisasi qurbonlarining oilalariga 300 ming rubldan ko‘mak ajratilishi haqida ma'lum qildi.

"Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, YTH natijasida halok bo‘lgan yo‘lovchilarning barchasi Krasnoyarsk o‘lkasida yashovchilar bo‘lishgan. Faqat haydovchi Xabarovskdan edi. Biz uning oilasiga ham yordam beramiz", deydi Viktor Tolokonskiy.

Shuningdek, hodisa natijasida jarohat olib, shifoxonaga yotqizilganlar haqida ham g‘amxo‘rlik qilinadi va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun imkon doirasdagi barcha choralar ko‘riladi.

Eslatib o‘tamiz, 22 iyul kuni Krasnoyarskdan Sharipovoga ketayotgan avtobus yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan hamda 11 kishi halok bo‘lib, 44 kishi jarohatlangan.

Hodisa sababi hozircha o‘rnatilmagan. Tekshiruv ishlari davom etmoqda.

23 iyul kuni Krasnoyarsk o‘lkasida motam kuni sifatida e'lon qilindi.

Top