15:11 / 11.08.2015
9845

O‘zbekiston yollanma jangarilar va terroristlarning fuqaroligini bekor qilishi mumkin

2015 yil 10 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunga imzo chekkanligi haqida xabar berilgan edi.

Ushbu Qonun asosida 5ta Kodeks, 6ta Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda "xushnudbek.uz" xabar berdi.

Jumladan, «O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida»gi qonunga fuqarolikni yo‘qotish bilan bog‘liq yangi asos kiritildi.

Unga ko‘ra, agar shaxs xorijiy davlat foydasini ko‘zlab faoliyat yuritish yoki tinchlik va xavfsizlikka qarshi jinoyatlar sodir etish orqali jamiyat va davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa ham O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi yo‘qotilishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bungacha quyidagi asoslar bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yo‘qotilar edi:

1) shaxs chet davlatda harbiy xizmatga, xavfsizlik xizmati idoralariga, politsiyaga, adliya idoralariga yoki davlat hokimiyati va boshqaruvining boshqa idoralariga ishga kirganligi natijasida;

2) agar chet elda doimiy yashovchi shaxs besh yil davomida uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmagan bo‘lsa;

3) agar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi yolg‘onligi shak-shubhasiz ma'lumotlar yoki soxta hujjatlarni taqdim etish natijasida olingan bo‘lsa.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni chiqqan kundan boshlab O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi yo‘qotiladi.

Top