18:34 / 12.08.2015
2933

Xotin-qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ikki nafar o‘zbekistonlik bokschi finalga chiqdi

12 avgust kuni Xitoyning Ulanchab shahrida boks bo‘yicha xotin-qizlar o‘rtasida o‘tkazilayotgan Osiyo chempionatida barcha vazn toifalarida yarim final janglari o‘tkazilib, oltin medallar uchun kurashni davom ettiradigan charm qo‘lqop ustalari nomi ma'lum bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

13 avgust kuni 10 vazn toifasida bo‘lib o‘tadigan final bahslarida ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi ham ringga ko‘tariladi. Jumladan, vazni 69 kg.gacha bo‘lgan sportchilar musobaqasida O‘zbekiston sharafini himoya qilayotgan Shahnoza Nizomova final bahsida xitoylik Gu Xong bilan kuch sinashsa, eng og‘ir (+81 kg) vazn toifasida bahslarga kirishgan Go‘zal Ismatova ham Xitoy vakili Vang Shijin bilan Osiyo chempionatining oltin medallari uchun bahs yuritadi.

Shahnoza Nizomova yarim finalda Vu Pey-I (X.Taypeyi) ustidan zafar quchgan bo‘lsa, Go‘zal Ismatova qozog‘istonlik Lazzat Kungeybayevani to‘liq ustunlik bilan yengdi.

Yarim finalga qadar zafarli odimlagan O‘zbekiston terma jamoasining yana ikki nafar a'zolari Yodgoroy Mirzayeva (-57 kg) va Dilnavoz Norxo‘jayeva (-81 kg) qit'a chempionatining bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ayollar boksi tarixida shu kunga qadar hech bir sportchi Osiyo chempionatida sovrinli o‘rinni qo‘lga kiritmagandi.

Top