22:38 / 19.08.2015
4249

Shveytsariya milliy banki yangi franklarning chiqarilishini e'lon qildi

Shveytsariya milliy banki shveysar frankining yangi ko‘rinishdagi banknotalari chiqarilishini e'lon qildi, deb xabar bermoqda «Nasha gazeta» portali.

Shveytsariya milliy banki 2016 yil aprelidan avval 50 franklik, 2017 yilda esa 20 franklik qog‘oz pullarni muomalaga chiqaradi.

Yangi banknotalarni ishlab chiqilishi bo‘yicha ishlar 10 yil davomida olib borildi. Shveytsariya milliy banki 2005 yildayoq “Dunyoga ochiq Shveytsariya” mavzusida yangi banknotalar dizaynini yaratishga tanlov e'lon qilgan edi. Tanlovda tsyurixlik dizayner Manuel Krebbs g‘olib deb tan olingan, biroq yangi banknotalarni ishlab chiqish vazifasi tanlovda 2-o‘rinni olgan Manuel Pfrunderga yuklandi. Ishlar 2007 yilda boshlangan, biroq 2010 yildan beri yangi qog‘oz pullarning muamolaga chiqarilishi texnik sabablarga ko‘ra bir necha marta qoldirilgan.

Yangi banknotalarning chiqarilishi bilan bog‘liq murakkabliklar ularni qalbaki pul yasovchilardan maksimal darajada himoyalangan qilib ishlashga intilishdan iborat bo‘lmoqda. Shu tufayli banknotalarning yakuniy dizayni anchagina o‘zgarishlarga uchrashi mumkin. Banknotalarning yakuniy dizayni ularning muomalaga chiqarilishdan bir necha kun oldin namoyish qilinadi.   

Amaldagi barcha banknotalarni 2019 yilgacha to‘liq yangilash rejalashtirmoqda. Shveytsar franklarining dizayni oxirgi marta 1995-1998 yillar davomida o‘zgargan.  

Top