14:55 / 28.08.2015
3280

O‘zbekiston milliy terma jamoasining Toshkentdagi yig‘ini boshlandi

Samvel Babayan boshchiligidagi O‘zbekiston milliy terma jamoasi 27 avgust kuni Toshkentdagi yig‘inini boshladi. Bu haqda O‘zbekiston futbol federatsiyasi rasmiy sayti xabar berdi.

Yig‘inga 30 nafar futbolchi jalb etilgan. Biroq yig‘inning dastlabki kunida barcha legioner futbolchilar ham qatnasha olmadi. Xorijda faoliyat yuritayotganlardan faqat Qozog‘iztonning "Ordabasi" klubi a'zosi Aleksandr Geynrix va Xitoyning "Changchun Yatay" jamoasi himoyachisi Anzur Ismoilov yetib keldi.

Yaman hamda Filippinga qarshi o‘yinlarga tayyorlanish uchun mashg‘ulotlarga jalb etilgan futbolchilar bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

Yig‘inning dastlabki kunidagi mashg‘ulotlarning ilk 15 daqiqasi OAV vakillari uchun ochiq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Samvel Babayan boshchiligidagi terma jamoa ushbu murabbiyning mamlakat bosh jamoasi bilan ilk rasmiy uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Babayanning terma jamoa murabbiyi sifatida ilk rasmiy o‘yini 3 sentabr kuni Toshkentdagi "Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tadi. Jahon chempionati-2018 ikkinchi saralash bosqichi 3-tur o‘yinlari doirasida O‘zbekiston Yaman terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi.

Top