14:44 / 11.09.2015
3530

OAV: amerikalik millioner ikki yildan buyon muhojirlarni qutqarish bilan shug‘ullanib kelmoqda

Amerikalik millioner Kristofer Katrambone ikki yildan buyon o‘z kemasida bir necha oy O‘rta Yer dengizida suzib yuradi hamda Afrikadan Yevropaga yo‘l olgan qochqinlarni qutqarib keladi. U haqda Esquire nashri yozdi.

33 yoshli tadbirkor Yangi Orleanda istiqomat qiladi. U sug‘urta biznesi orqali boylik orttirdi: u asos solgan Tangiers Group firmasi ixtilof o‘choqlarida ishlayotgan jurnalistlar, harbiylar va nohukumat tashkilotlar xodimlarini sug‘urtalash bilan shug‘ullanadi.
2013 yilning iyulida O‘rta Yer dengizida oilasi bilan dam olayotgan Katrambone suvda kiyim-kechak suzib yurganini ko‘rdi.

Aniqlanishicha, Italiyaning Lampeduza oroliga yaqin joyda muhojirlar qayig‘i suv ostiga g‘arq bo‘lib, 380 kishi halok bo‘lgan ekan. Safardan qaytgach, biznesmen muhojirlik masalalariga qiziqib qoldi va MOAS muhojirlarni qutqarish fondiga asos soldi.
2014 yil avgustidan oktabriga qadar Katrambone boshchiligidagi “Feniks” kemasi ekipaji cho‘kayotgan kemalardan 3 ming kishini qutqarib oldi. 2015 yil mayidan iyuliga qadar esa yana 5 ming kishi qutqarib qolindi.

Top