09:54 / 23.09.2015
4985

Toshkent viloyatida 15ta sayyohlik obektida rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda

Toshkent viloyati hokimiyati O‘zbekiston madaniyat va sport, moliya, adliya vazirliklari, “O‘zbekturizm”, O‘zbekiston Tabiatni muhofaza qilish, “Davarxitektqurilish”, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitalari, tijorat banklari va bir qator boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda viloyat hududida joylashgan 15ta sayyohlik obektida umumiy qiymati 3 million dollarni tashkil qiladigan rekonstruksiya ishlarini olib bormoqda. 

Sayyohlik infratuzilmasidagi mehmonxonalar va boshqa obektlarni qurish va rekonstruksiya qilish ishlari boshlab yuborildi. “Yangiobod” sayyohlik bazasi faoliyati yaxshilanmoqda. Parkent viloyatida “Sumcha” dam olish zonasining infratuzilmasi rekonstruksiyasi ko‘zda tutilgan, bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan 220 o‘rinlik mehmonxona majmuasi qayta jihozlanmoqda. Qo‘shimcha 50 kishilik korpus barpo etilmoqda.

Hokimiyat matbuot xizmatining ma'lumotlariga ko‘ra, Bo‘stonliq tumanining Xo‘jakent va Yusufxona qishloqlarida zamonaviy mehmonxonalar qurib bitkazildi va foydalanishga topshirildi. “Oqtosh” sanatoriysi ta'mirlandi. Bu yerga tashrif buyuruvchi mehmonlar uchun hordiq chiqarish sharoitlari yaxshilandi, xizmat ko‘rsatish turlari kengaytirildi.

Viloyatda agrosayyohlikni rivojlantirish bo‘yicha katta ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bo‘stonliq va Chinoz tumanida baliq mahsulotlari an'anaviy ko‘rgazmasi, “Chimyon-ekstrim” qishki o‘yinlari, “Chimyon sadosi” ekologik sayyohlik festivali o‘tkazilmoqda. Parkent tumanidagi uzum bayrami ham an'anaviy tus olmoqda.

O‘zA axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, Oqqo‘rg‘on tumanidagi Shoxruhiya, Honqa arxeologik yodgorliklari, Ohangarondagi Saur-tepa, Shodmalik-ota, Sardoba qaynar majmualari, Pskent tumanidagi Parpi-ota, Qirqqiz, Sormozor qadamjolari hududi obodonlashtirilmoqda.

Top