09:14 / 16.10.2015
4241

O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati korxonalari 10 mln dollardan ko‘proqqa nemis uskunalari sotib olmoqchi

Germaniyaning to‘qimachilik uskunalari ishlab chiqaruvchi Saurer Schlafhorst kompaniyasi O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati korxonalari bilan 10 mln dollardan ko‘proq summaga shartnoma tuzishni rejalashtirmoqda, deb xabar bermoqda kompaniya vakili Gerold Gonskga iqtibos keltirgan holda Sputnik nashri.

Gonskning aytishicha, Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan paxtachilik va to‘qimachilik xalqaro anjumani doirasida nemis kompaniyasi “O‘zbekengilsanoat” DAK va to‘qimachilik fabrikalari vakillari bilan to‘qimachilik uskunalari yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi.

Gonskning ta'kidlashicha, kompaniya 30 ta to‘quv mashinasi yetkazib berishni rejalashtirmoqda. Bu uskunalar bilan O‘zbekistondagi bir nechta to‘qimachilik korxonalari jihozlanishi mo‘ljallanyapti. Kompaniya, shuningdek, istiqbolda O‘zbekistonda Yevropa standartlari bo‘yicha shunday uskunalarni ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxona tashkil qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

1990-yillardan boshlab O‘zbekiston to‘qimachilik korxonalari mahsulotlari eksporti 110 barobarga ortdi. Bugungi kunda O‘zbekiston yengil sanoati mahsulotlari dunyoning 45 ta davlatiga eksport qilinmoqda. O‘zbekistonda 3 mingga yaqin yengil sanoat korxonasi ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 300 dan ko‘prog‘i “O‘zbekengilsanoat” tarkibiga kiradi.

Top