17:56 / 03.11.2015
2962

Abdulaziz Komilov Misrdagi aviahalokat munosabati bilan Rossiya elchixonasiga tashrif uyushtirdi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 3 noyabr kuni Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

«TIV rahbari 200 dan ortiq insonning fojiali halok bo‘lishiga olib kelgan 2015 yil 31 oktabrda Rossiya yo‘lovchi samolyotining Misr hududidagi falokati munosabati bilan ta'ziya bildirdi va Hamdardlik kitobiga qayd kiritdi», — deyiladi vazirlik xabarida.

O‘z navbatida, elchi Vladimir Tyurdenov O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Rossiya prezidenti Vladimir Putin nomiga yo‘llagan dalda va hamdardlik so‘zlari uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 31 oktabr kuni Misr vaqti bilan 6:51 da (Toshkent vaqti bilan 9:51) Rossiyaning "Kogalimavia" aviakompaniyasiga tegishli Sharm ash-Shayx — Sankt-Peterburg yo‘nalishi bo‘yicha 9268 reysini amalga oshirayotgan Airbus-321 layneri parvozga ko‘tarilgandan 23 daqiqa o‘tib radarlar ekranidan yo‘qoldi. Mazkur samolyot bortida 217 nafar yo‘lovchi va yetti nafar ekipaj a'zosi bo‘lgan.

Top