11:15 / 12.11.2015
5290

Budapeshtdagi uy devorlaridan Xolokost qurbonlariga oid 6.3 ming formulyar topildi

Budapeshtdagi uy devorlaridan Xolokost qurbonlariga oid 6.3 ming formulyar topildi. Aytilishicha, bu shaxsiy kartalar 1944 yili Vengriya yahudiylari tomonidan to‘ldirilgan. Avstriyaning Krone gazetasi hujjatlar shahar markazidagi parlament binosi yaqinidagi shaxsiy uylardan birida o‘tkazilayotgan ta'mirlash ishlari chog‘ida topilganini xabar qildi.

“Bu hujjatlar tarixiy qiymatga egadir, - ma'lum qildi Budapesh shahar arxivi rahbari Ishtvan Kengeres. – Ro‘yxat qog‘ozlari yaxshi saqlanib qolgan”.
Mutasaddi topilgan arxiv bunday turdagi hujjatlarning uchdan bir qismini tashkil qilishini aytdi. Ikkinchi Jahon urushi yillarida Vengriya hududida istiqomat qilgan 800 ming yahudiydan 600 mingi o‘ldirilgan.

Ularning aksariyat qismi Osventsim konslagerida halok qilingan. Topilgan hujjatlar 1944 yil 30 may kuni Budapesht shahar kengashi tomonidan o‘tkazilgan qayta ro‘yxatga olish tadbiriga aloqadordir. O‘shanda yahudiylar xristian aholidan ajratib olingan edi. Oradan bir oy o‘tib, yahudiylar o‘z uylarini tark etib, gettoga ko‘chib o‘tishga majbur bo‘lgan edi.

Yahudiylar Germaniyada 1933 yildan ta'qib ostiga olindi. Yahudiylarning butunlay yo‘q qilish haqidagi uzil-kesil qaror 1942 yili bo‘lib o‘tgan Vanzeye konferensiyasida qabul qilingan edi. 12 yil ichida Yevropada jami 6 mln yahudiy o‘ldirilgan.

Top