08:59 / 24.11.2015
2290

Toshkentda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizdagi Xalqaro hamkorlik markazida 23 noyabr kuni O‘zbekiston va Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar qildi.

Xabarda keltirilishicha, tadbirda ikki mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalar, savdo, sarmoya, neft-gaz, geologiya va mineral resurslar, qurilish materiallari ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, oziq-ovqat va kimyo sanoati, farmatsevtika, transport va transport kommunikatsiyalari, logistika, axborot texnologiyalari, elektrotexnika, kommunal xizmat, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalar uchun mas'ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlari rahbarlari ishtirok etdi.

Forumda O‘zbekiston bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mamlakatlarimiz ulkan salohiyatga ega ekani alohida qayd etildi.
Biznes-forumda mamlakatimizning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati, neft-kimyo sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, farmatsevtika kabi sohalardagi imkoniyatlari xususida so‘z yuritildi.

Koreya Respublikasi ishbilarmonlari mamlakatimiz iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kafolatlari, “Navoiy”, “Jizzax” va “Angren” industrial zonalaridagi katta qulaylik va imtiyozlar bilan atroflicha tanishtirildi.
Koreya Respublikasining qirqqa yaqin kompaniyasi vakillari ishtirok etgan ushbu anjumanda ikki mamlakatning iqtisodiy salohiyati va imkoniyatlaridan yanada samarali foydalanish yuzasidan fikr almashildi.

Savdo, iqtisodiyot, sanoat, mashinasozlik, energetika, elektrotexnika, kimyo, farmatsevtika va qurilish kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, Koreya Respublikasi kompaniyalarini mamlakatimizdagi xususiylashtirish jarayoniga yanada keng jalb etishga oid masalalar muhokama qilindi.
Shu kuni O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakat tadbirkorlari o‘zaro manfaatli va istiqbolli loyihalar ishlab chiqish va amalga oshirish yuzasidan fikrlashib oldi.

Top