20:12 / 27.11.2015
6293

Toshkentda Terapevtik kasalliklarni tashxislash va davolashga bag‘ishlangan anjuman boshlandi

27 noyabr kuni Toshkentdagi “International Hotel Tashkent” mehmonxonasida “Terapevtik kasalliklar diagnostikasi, davolash va reabilitatsiyasida yangi texnologiyalar” mavzusiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy anjumanining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda UzMedInfo markazi axborot xizmati xabar berdi.

Tadbirni Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib, aholi salomatligini muhofaza qilish, xalq farovonligini ta'minlash, kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash va davolash mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimining ustuvor yo‘nalishi ekanini alohida ta'kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston terapevtlar assotsiatsiyasi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi (RIT va TRIATM) hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, RIT va TRIATM xodimlari, tibbiyot sohasida uzoq yillardan buyon mehnat qilib kelayotgan olimlar, viloyatlardan tashrif buyurgan kardiologiya, gastroenterologiya, pulmonologiya, revmatologiya, nefrologiya sohasi mutaxassislari, yosh tadqiqotchilar, shuningdek, xorijlik mutaxassislar ishtirok etishmoqda.

Anjumanda qayd etilganidek, hozirda boshqa sohalar kabi tibbiyotga ham yangi texnologiyalar kirib kelmoqda va amalda qo‘llanilayotgan tashxislash va davolash usullari samaradorligi oshishiga yordam bermoqda. Zamonaviy diagnostikaning asosiy vazifalaridan biri kasallikni klinik simptomlar, anamnez orqali aniqlashdan tashqari, zamonaviy texnologiyalarni qo‘llagan holda aniq va tezkor tashxislash hisoblanadi.

– Markazimiz aholiga ichki a'zolar kasalliklari, xususan, pulmonologiya, kardiologiya, gastroenterologiya va revmatologiya yo‘nalishlari bo‘yicha ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatib kelmoqda, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi katta ilmiy xodimi Dilorom Rahimova. – Ichki kasalliklarni kechiktirmay, o‘z vaqtida aniqlash va bemorlarning mehnatga layoqatini tiklash terapiyaning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Bugungi anjumanimiz ham aynan shu masalalarni muhokama qilish va istiqboldagi rejalarni belgilashga bag‘ishlangan. Mamlakatimiz olimlari va xorijlik mutaxassislarning sohaga doir ma'ruzalari respublikamizning turli hududlaridan tashrif buyurgan amaliyotdagi shifokorlar va yosh olimlar uchun yangiliklarga boy bo‘ldi.

– Yuqori saviyada tashkil etilgan bugungi anjuman ichki kasalliklarni tashxislash va davolash standartlarini yanada mukammallashtirish, muolaja samaradorligining oshishiga xizmat qiladi, – deydi Samarqand shahar tibbiyot birlashmasining pulmonolog shifokori Dilbar Shakirova. – Hozirda allergik kasalliklarni davolash, bakterial infeksiyalar terapiyasi, bronxial astma, o‘pka gipertenziyasi allergologiya va pulmonologiyaning o‘ta dolzar masalalaridan hisoblanadi. Anjumanning pulmonologiya seksiyasida aynan mazkur mavzularga bag‘ishlangan taqdimotlar bo‘lib o‘tdi. Bugungi ilmiy-amaliy anjumandan olgan yangi bilim va ko‘nikmalarimizni Samarqand viloyatida keng tatbiq etishni rejalashtirmoqdamiz.

Anjuman doirasida, shuningdek, ichki kasalliklarni davolash va oldini olishga ko‘maklashuvchi zamonaviy dori vositalari, yangi innovatsion texnologiyalar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.

Plenar yig‘ilishdan so‘ng ilmiy-amaliy anjuman kardiologiya, gastroenterologiya, pulmonologiya, revmotologiya va nefrologiya seksiyalarida davom etdi.

Anjuman 28 noyabr kuni “Tripliksam – hayot uchun ittifoq”, “Arterial gipertenziya: organoprotektsiyaga urg‘u”, O‘zbekiston Respublikasi gastroenterologlarining XIV milliy maktabi hamda pulmonologlar va revmatologlar maktablari yo‘nalishlarida stallet simpoziumlar ko‘rinishida davom etadi.

Tadbir yakunida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh konsultantlari va hududlar bosh terapevtlarining terapevtik xizmat bo‘yicha 2015 yil hisoboti hamda O‘zbekiston terapevtlar assotsiatsiyasi ijrochi direktorining hisoboti tinglanadi va ilmiy-amaliy anjuman rezolyutsiyasi qabul qilinadi.

Top