15:57 / 07.12.2015
5026

NYT: respublikachilar Obamaning nutqidan norozi

Respublikachilar AQSh prezidenti Barak Obamaning millatga murojaatidan norozi bo‘lib, nutqni tanqid ostiga oldilar. The New York Times nashrining yozishicha, ular Obamani IShID oldida kuchsizlikda, qurol-yarog‘ nazorati masalasida noto‘g‘ri pozitsiyada turish hamda eng muhim masalalarda irodasizlik qilayotganda ayblamoqda.

Florida shtati senatori Marko Rubio ayni paytda fuqarolar sarosimada ekanligini, prezidentning chiqishi esa ularni tinchlantira olmaganini ta'kidlamoqda.
“U IShIDga qarshi kurashayotgan koalitsiya borligiga chin dildan ishonmoqda. Bu bo‘lmagan gap. Hech qanday koalitsiya yo‘q. Bir parcha qog‘ozga imzo qo‘yishga rozi bo‘lgan bir qancha davlat bor, xolos”, - dedi Rubio.

Millatga murojaat boshlanishidan avvalroq respublikachi Ted Kruz Obamani “radikal islom terrorchiligi” atamasidan foydalanishga ko‘ndirmoqchi bo‘ldi. Obama bu taklifni rad etib, bunday e'tiroflar musulmonlarni qora rangda ko‘rsatishga xizmat qilishini ta'kidladi. Keyinchalik Kruz prezidentdan “yovuzlik ustidan g‘alaba qozonish uchun qat'iy choralar rejasini” taqdim etishni talab qildi.

Shuningdek, u davlat rahbari San-Bernardinodagi ommaviy qotillikni qurol-yarog‘ savdosi bilan noto‘g‘ri bog‘laganini ta'kidladi. Kruzning fikricha, teraktlarni to‘xtatish uchun AQSh qochqinlarni qabul qilishni to‘xtatishi lozim.

Top