00:55 / 08.12.2015
2731

AQSh vitse-prezidenti Bayden Ukrainaga beshinchi bor tashrif buyurdi

Kiyevga tashrif buyurgan AQSh vitse-prezidenti Jozef Bayden Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko bilan o‘zining rafiqasidan ko‘proq muloqot qilishini tan oldi. Bayden Ukraina kelgusida ham AQSh rahbariyatning diqqat-eʼtiborida qolishiga va'da berdi. Bu haqda TASS axborot agentligi ma'lum qildi.

“Biz, ehtimol Poroshenko bilan ming soatdan ko‘proq telefonda suhbatlashgan bo‘lsak kerak”, deb aytdi Bayden Poroshenko bilan birga bergan matbuot-anjumanida.

Bayden Vashington Kiyevga 190 mln dollar miqdorida qo‘shimcha moliyaviy ko‘mak ajratishini ma'lum qildi. Shu tariqa, Baydenning aytishicha, AQShning Ukrainadagi rahbariyatning o‘zgarishidan keyin Ukrainaga ajratgan yordami 760 mln dollarni tashkil qiladi.

Shu bilan birga Bayden Kiyevni Xalqaro valyuta jamg‘armasi oldidagi majburiyatlarini to‘liq bajarishga chaqirdi.

“Interfaks” axborot agentligining xabar berishicha, Bayden Ukraina xalqi va hukumatiga “anchadan buyon Ukraina taraqqiyotni to‘xtatayotgan” korrupsiyaga qarshi kurashda birlashish taklifi bilan murojaat qildi.

Bayden 7 dekabrda Kiyevga ikki kunlik tashrif bilan keldi. 8 dekabrda Bayden Oliy radada nutq so‘zlashi rejalashtirilgan. Bu tashrif Baydenning Ukrainaga beshinchi tashrifidir.

Top