15:21 / 09.12.2015
3433

Sug‘urta mukofotlarining 52 foizi Toshkentda to‘plangani aytildi

2015 yilning yanvar-sentabr oylari orasida sug‘urta mukofotlarining 52 foizi Toshkentda to‘plangan. Buni moliya vazirligining ma'lumotlari ko‘rsatmoqda.
Aytilishicha, hisobot davrida sug‘urta kompaniyalari Toshkent shahri hududida 208.582 mlrd so‘m to‘plagan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 27.3 foizga ko‘proqdir. Toshkentning umumiy sug‘urta hajmidagi ulushi 52.34 foizni tashkil qildi.

Toshkent viloyati 7.3 foiz ko‘rsatkich bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu yerda to‘plangan pul mablag‘lari 29.077 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu 2014 yilning shu davriga nisbatan 25.3 foizga ko‘proqdir.
Uchinchi o‘rinda bo‘lgan Farg‘ona viloyatida ushbu ko‘rsatkichlar 5.52 foiz va 22.005 mlrd so‘mga tengidir (o‘tgan yil uch choragiga nisbatan 15 foizga ko‘proq).

Eng kam sug‘urta mukofotlari to‘plangan viloyatlar qatoriga Sirdaryo (7.426 mlrd so‘m, o‘sish 44.5 foiz), Navoiy (7.889 mlrd so‘m, o‘sish 41.7 foiz) va Jizzax (8.789 mlrd so‘m, o‘sish 58.7 foiz) kirdi.
Hisobot davrida respublika bo‘ylab to‘plangan sug‘urta pullarining umumiy hajmi 398.494 mlrd so‘mni tashkil qildi. Bu 2014 yilning uch choragiga nisbatan 26.9 foizga ko‘pdir.

Top