18:35 / 22.12.2015
5659

Qarshi daryosining ustidagi Amir Temur ko‘prigining atrofi obodonlashtirilmoqda

Qarshi shahrini kelajakda qayta qurish rejasi va zamonaviy yo‘l-transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish Dasturi doirasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari natijasida viloyat markazi tobora ko‘rkamlashib bormoqda.

Mazkur Dasturda ko‘zda tutilgan obektlar qurilishi bilan birga, Qarshi qiyofasini o‘zgartirayotgan bir qator inshootlar bunyod etilmoqda. Jumladan, Qashqadaryo daryosining ustidagi Amir Temur ko‘prigi atrofini obodonlashtirish, yo‘l va daryo bo‘ylariga hududning tabiiy iqlim sharoitiga mos manzarali daraxtlar o‘tqazish, aholining mazmunli hordiq chiqarishi uchun zarur bo‘ladigan barcha sharoit va qulayliklarni yaratish, daryoning ikki qirg‘og‘ini mustahkamlash, sohilbo‘yini obodonlashtirish, qayiq stansiyasi tashkil etish ishlari olib borilmoqda.

Viloyat hokimligining rasmiy saytida xabar berilishicha, daryo suvining tiniq bo‘lishini hamda suvning bir me'yorda oqishini ta'minlash maqsadida uchta to‘g‘on qurilmoqda. Birinchi va ikkinchi to‘g‘on suvni filtrlash vazifasini o‘tasa, uchinchi to‘g‘on bu yerda qurilayotgan xiyobon yonida suv sathining bir me'yorda bo‘lishini ta'minlaydi.

Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasiga qarashli "Qurilish, montaj-ta'mirlash boshqarmasi" unitar korxonasi bosh pudratchiligida barpo etilayotgan aholi dam olish kompleksida 100 ga yaqin maxsus texnikadan foydalangan holda 500 nafarga yaqin quruvchi bunyodkorlik ishlari bilan mashg‘ul. Daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, sohilbo‘yini obodonlashtirish, atrofni bahavo go‘shaga aylantirish maqsadida 132 ming kub metrdan ortiq tuproq ishlari bajarildi.

Bugungi kunda viloyatning turli hududlarida sohilbo‘yidagi kabi o‘nlab aholi dam olish maskanlari qurilmoqda. Yana bir nechasi yangidan bunyod etilib, mavjudlari rekonstruksiya qilindi.

Top