16:25 / 23.12.2015
7955

Toshkent hokimiyatida mahallalarga videokuzatuv kameralarining o‘rnatilishi bilan bog‘liq yangi tafsilotlar bayon etildi

Bugun, 23 dekabr kuni, Toshkent shahar hokimiyatida 2015 yilning 11 dekabridagi “Toshkent shahridagi ko‘p qavatli turarjoylar, mahalla va mavzelarda videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish ishlarini tashkillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 233-f farmoyishining ijrosiga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Kun.uz muxbiriga taqdim etilgan xabarnomada ta'kidlanishicha, “mazkur loyihaning amalga oshirilishi bilan bog‘liq talqinlar, ba'zi tushunmovchiliklarning oldini olish, aholiga rejalashtirilayotgan ishlar mohiyatini yanada kengroq yetkazish, bu borada olib borilayotgan tadbirlardan jamoatchilikni izchil xabardor etib borish maqsadida ushbu anjuman tashkillashtirildi”.

“Gap shundaki, videokameralarni o‘rnatish eng avvalo jamoat xavfsizligini ta'minlashga qaratilgan tadbirdir, - deyiladi hujjatda. – Bugungi kunda o‘rnatiladigan videokuzatuv moslamalarining turlari, ularning texnik parametrlari, soni hamda o‘rnatiladigan nuqtalarini aniqlash maqsadida mazkur sohada faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan “texnik topshiriqlar” ishlab chiqilmoqda”.


Ma'lum qilinishicha, kamera yetkazib beruvchi korxonalar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.“Hozirda mazkur yo‘nalishda korxonalarning takliflari ko‘rib chiqilmoqda”, deya xulosa qiladi hokimlik matbuot xizmati.

Top