18:28 / 25.12.2015
13250

Obodonlashtirish boshqarmasi Toshkentdagi ko‘p yillik daraxtlarning kesilayotganiga izoh berdi

So‘nggi haftalarda Toshkent shahrida jadallik bilan daraxtlarni kesib tashlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, “Kosmonavtlar” metro bekati yaqinidagi xiyobon va Navoiy ko‘chasida, Alisher Navoiy nomidagi kinosaroydan uncha uzoq bo‘lmagan hududlarda o‘sayotgan daraxtlar butunlay yoki qisman kesib tashlandi.

Xizmatning mazkur harakatlari jamoatchilikning katta e'tirozlariga sabab bo‘ldi, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari mutasaddi organlarni poytaxtimizni bezab turgan ko‘p yillik daraxtlarni yo‘q qilayotganlikda aybladi. Shu munosabat bilan UZ24 Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi hamda Toshkent obodonlashtirish bosh boshqarmasi qoshidagi ko‘kalamzorlashtirish bo‘limi rahbariyati va mutaxassislariga murojaat qildi.

Toshkent shahar tabiatni muhofaza qilish qo‘mitasi raisi Shomurod Muhammadjonovning xabar berishicha, faqatgina kasallangan daraxtlar kesilmoqda. Qo‘mita mutaxassislari dastlab joylarga borib, daraxtni ko‘rib chiqadi va uning holati bo‘yicha o‘z xulosasini beradi. Bundan tashqari, kesilgan chinorlar o‘rniga boshqa, yosh va sog‘lom daraxtlar o‘tqaziladi.

Toshkent obodonlashtirish bosh boshqarmasi qoshidagi ko‘kalamzorlashtirish bo‘limidagilar esa aholidan xavotirga tushmaslikni so‘rab, bu daraxtlarni shafqatsizlarcha yo‘q qilish emasligini aytib o‘tgan. Daraxtlarning kesilishini ularning nosog‘lom holati yoki didsiz ko‘rinishi bilan bog‘langan.

Shuningdek, bo‘lim chinorlarni kesish bo‘yicha ko‘p sonli murojaatlar ular o‘sayotgan tumanlar aholisi tomonidan ham kelib tushayotganini ma'lum qilgan. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, chinorlar ekologik jihatdan xavfli daraxt turi bo‘lib, ayniqsa allergiyadan aziyat chekuvchi kishilarga noqulaylik tug‘diradi.

Kesilgan daraxtlar o‘rniga lola (guli lolaga o‘xshab ochiladigan) yoki kashtanli daraxtlar o‘tqaziladi.

Top