21:29 / 16.02.2016
4776

Xose Mariya Mendez: O‘zbekiston futzal terma jamoasi "jonli tarix"ga aylanishi mumkin

Toshkentdagi «Interkontinental» mehmonxonasida futzal bo‘yicha Osiyo chempionatining chorak finaliga yo‘l olgan terma jamoalar bosh murabbiylari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi. Anjumanning dastlabki qismida O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendez ishtirok etdi, deb xabar qiladi «Stadion.uz» sayti.

«Ertangi uchrashuv qiyin va murakkab kechishini bilamiz. Iroq terma jamoasi safida klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining yarim finaliga yo‘l olgan klubdan 12 nafar futzalchi tashrif buyurgan. Bu ularning kuchini ko‘rsatib turibdi. Iroq safida kuchli o‘yinchilar bor. Iroq va O‘zbekiston terma jamoalari hali JChga chiqmagan. O‘z terma jamoam haqida gapiradigan bo‘lsam, biz o‘yinga jiddiy tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Ertaga g‘alaba qozonib, tarix yaratishga harakat qilamiz.

Safimizdagi shamollab qolgan futzalchilar sog‘ayishdi. Ular albatta o‘ynashadi.

Terma jamoamiz o‘yinini kuchayib boryapti. Hozir eng yuqori formadamiz deb ayta olmayman. G‘alaba qozonish uchun barcha chorani ishga solamiz.

Penaltilar seriyasida raqibning qaysi o‘yinchilari penalti tepishini va qaysi posboni darvozani qo‘riqlashini oldindan bilish muhim ahamiyatga ega. Ammo buni har doim ham bilishning iloji yo‘q. Biz penaltilar seriyasiga tayyorgarlik ko‘rganmiz», — dedi O‘zbekiston futzal termasi ustozi.

Top