06:52 / 04.03.2016
5462

Trend supermarketlari o‘rnini korzinka.uz egallaydi

Bahorning birinchi kuni Toshkentdagi Next va Vega savdo-ko‘ngilochar majmualarida joylashgan Trend supermarketlari o‘z ishini to‘xtatdi. Ularning o‘rniga yaqin orada korzinka.uz filiallari ish boshlaydi.

Supermarketlar yopilishi oldidan katta assortimentdagi mahsulotlarga chegirmalar e'lon qilindi. Bu holatni Trend vakillari Facebook ijtimoiy tarmog‘ida "savdo tarmog‘idagi bo‘lajak o‘zgarishlar" va "qayta yuklanish boshlanishi" bilan izohlashgan.

"1 martdan bizning supermarketlar bir necha kundan keyin o‘z ishini yangi formatda boshlash uchun yopiladi! Siz shunchalik ajablanasizki, hattoki bunga tayyorlanishga ham urinmang", deb yozilgandi supermarket tarmog‘ining ijtimoiy tarmoq sahifasida fevralda chop etilgan postida.

"Gazeta.uz" nashriga ma'lum bo‘lishicha, yopilgan ikki supermarket ham korzinka.uz tarmog‘ining bir qismiga aylanadi. Next majmuasida "Korzinka" filiali 15 martda ochilishi kutilmoqda.

Birinchi Trend supermarketi Next majmuasida 2013 yil dekabrda, ikkinchisi esa Vega majmuasida bir yildan keyin ochilgan edi.

korzinka.uz O‘zbekistondagi eng yirik supermarketlar tarmog‘i hisoblanib, Toshkentda 15 tadan ko‘p va Olmaliqda bitta filialga ega.

Top