19:11 / 05.03.2016
2534

2016 yilning may-iyun oylarida fuqarolar yig‘inlariga rais va ularning maslahatchilari saylanadi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining shu yil 5 martda bo‘lib o‘tgan majlisida fuqarolar yig‘inlari raislari va ular maslahatchilarining sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.

Masalani muhokama qilish yakunlari bo‘yicha oldingi saylovlarning tajribasini va qonunchilik hujjatlarining talablarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi «Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida» qaror qabul qilib, unda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovini o‘tkazish muddati qilib 2016 yil may-iyun oylarini belgiladi, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga doir tadbirlar rejasini, saylov byulletenlari namunalarini tasdiqladi.

Shuningdek, Kengash tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) va ularning maslahatchilari saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tuzildi va uning tarkibi tasdiqlandi. Komissiya tarkibiga parlament ikkala palatasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, Respublika Ma'naviyat targ‘ibot markazi, boshqa vazirlik va idoralarning vakillari kiritildi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 105-moddasiga, «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 23-moddasi hamda «Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 8, 10 va 11-moddalariga muvofiq, 9764 nafar fuqarolar yig‘ini raisini va ularning 99 ming nafardan ortiq maslahatchisini saylash rejalashtirilmoqda, deb xabar beradi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati.

Top