09:28 / 16.03.2016
1806

Anjyelina Joli suriyalik qochqinlar bilan uchrashdi

Hollivud yulduzi Anjyelina Joli Livandagi Bekaa vodiysida suriyalik qochoqlar bilan uchrashdi. Bu haqida People nashri xabar beradi.

Aktrisa BMTning qochqinlar masalasi (UNHCR) bo‘yicha maxsus elchisi hisoblanadi.

U safari davomida matbuot anjumani o‘tkazdi va jahondagi yetakchi siyosatchilarni qadrdon uyini qoldirib ketishga majbur bo‘lgan millionlab insonlarga yanada faolroq yordam berishga chaqirdi.

“Men 1 milliondan ortiq suriyalikning hayotini saqlab qolishga yo‘naltirilgan yordami uchun Livan xalqiga o‘z tashakkurimni izhor etaman. Sizlar dunyoga oliyjanoblik, saxovat, insonparvarlik va birdamlikni ko‘rsata oldingiz”, - dedi Joli. Uning bayonoti UNHCR saytida chop etildi.

Anjyelinaning so‘zlariga ko‘ra, jahon mamlakatlari vaziyatni to‘g‘ri tahlil qilishi va bu borada qanday ishni amalga oshira olishi, qochqinlarning necha qismiga qay tarzda yordam berishga qodirligini anglashi, shuningdek, bu holatni xalqiga to‘g‘ri tushuntira olishi zarur. “Biz betartiblikdan tartibni yarata olamiz”, - deya ta'kidladi Joli.

Bundan tashqari, aktrisa 2014 yilda tanishgan suriyalik Xala ismli qizning oilasi bilan yana uchrashgan.

Top