18:28 / 24.03.2016
1258

OAV: Van Gaal kelgach "MYu" qiymati 1 mlrd dollarga arzonlashdi

Angliyaning "Manchester Yunayted" jamoasi qiymati jamoaga bosh murabbiy sifatida gollandiyalik mutaxassis Lui van Gaal kelganidan beri o‘tgan vaqt ichida 1 mlrd dollarga kamaygan. Bu haqda Buyuk Britaniyadagi The Mirror nashri xabar bergan.

23 mart kuni Nyu-York fond birjasida klubning bitta aksiyasi qiymati 13,33 dollarni tashkil qilgan. 2014 yilning bahorida, ya'ni van Gaal tayinlanishidan oldinroq "MYu"ning bir dona aksiyasi narxi 20 dollar atrofida edi. Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, jamoaning transfer siyosatidagi omadsiz yurishlari va ko‘rsatilgan yomon natijalar tufayli shunday bo‘lmoqda. Qolaversa, mavsum yakunida jamoa kuchli to‘rtlikka kira olmasa va keyingi mavsumda YeChLda ishtirok etish uchun yo‘llanmaga ega bo‘lmasa, ahvol yanada yomonlashib, aksiyalar qiymatida pasayish davom etishi mumkin.

Forbes jurnali ma'lumotiga ko‘ra, "Manchester Yunayted" jamoasining qiymati 2015 yilda 3,1 mlrd dollarga teng edi.

Van Gaal "MYu" bilan 2013-2014 yilgi mavsum yakunida shartnoma tuzgan, bungacha u Gollandiya terma jamoasini boshqarib, o‘sha yilning yozida Braziliya maydonlarida o‘tgan mundialda bronza medallarga ega chiqqandi.

Undan oldinroq, ushbu mutaxassis, "Ayaks", "Barselona" va "Bavariya" jamoalarida muvaffaqiyatli ravishda ishlagandi.

Ayni vaqtda "Manchester Yunayted" Angliya chempionati turnir jadvalining oltinchi o‘rnida joylashgan. "Qizil iblislar" 30 tur o‘yinlaridan keyin 50 ochko jamg‘arishgan.

Top