10:54 / 25.03.2016
2858

O‘zbekiston-Xitoy: Mustahkam do‘stlik rishtalari asosiga qurilgan hamkorlik

Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida O‘zbekiston-Xitoy iqtisodiy munosabatlariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Xitoy Tijorat vazirligining xalqaro tijorat rahbarlari akademiyasi (AIBO) tomonidan tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirligi, Moliya vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, oliy o‘quv yurtlari hamda boshqa bir qator vazirliklardan mutaxassislar, OAV vakillari ishtirok etdi.

O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar tarixi Buyuk ipak yo‘lining ilk davrlaridan boshlangan. Bugungi kunda ushbu rishtalar mustahkamlanib, yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi hurmat-ehtirom va ishonch, mustahkam huquqiy asosga ega munosabatlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Xitoy O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan oldi. 1992 yilda mamlakatlar o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. 1992 yilning 15 oktabrida O‘zbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar istiqbolini belgilab bergan tarixiy voqea ro‘y bergan edi. Shu kuni mamlakatimiz poytaxtida Xitoy elchixonasi ochildi. Ana shu kundan e'tiboran mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik aloqalari yuqori sur'atlar bilan rivojlana boshladi. 1995 yilning may oyida Pekin shahrida mustaqil O‘zbekiston Respublikasining elchixonasi tantanali ravishda ochilib, o‘z faoliyatini boshladi.

Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma, Ikki tomonlama strategik hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish haqidagi qo‘shma deklaratsiya hamda boshqa ko‘plab ikki tomonlama muhim hujjatlar asosida izchil rivojlanib borayotir. Prezident Islom Karimovning 2014 yil avgust oyida Xitoyga davlat tashrifi ikki tomonlama strategik hamkorlik munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish imkonini berdi. Ushbu tashrif doirasida erishilgan kelishuvlar o‘zaro manfaatli hamkorlik ko‘lami yanada kengayib borayotganidan dalolat beradi.

Savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar aloqalarni kengaytirish, xavfsizlik sohasida hamkorlikni mustahkamlash ikki tomonlama munosabatlarda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar an'anaviy do‘stlik, o‘zaro ishonch va manfaatdorlik ruhida izchil rivojlanib borayotir.

Mazkur seminar ham ikki tomonlama munosabatlarni yangi mazmunan boyitilishiga xizmat qiladi. Yigirma bir kun davom etgan tadbir esda qolarli tarzda kechdi.

Seminarning ochilishida O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi D. Qurbonov, AIBOning vitse prezidenti Tszou Chuanmin va boshqalar mazkur tadbirlarning tashkil etilishi O‘zbekiston–Xitoy hamkorligining yangi bosqichga ko‘tarilishiga xizmat qilishini ta'kidlashdi.

Tadbir doirasida olim va professorlar iqtisodiyot, bank, moliya, ijtimoiy sohalarda Xitoy va O‘zbekiston hamkorligida olib borilayotgan ishlari haqida ma'ruza qildilar.

Sian va Shanxay shaharlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar, turli kompaniya va korxona tashriflar, diqqatga sazovor joylarga sayohatlar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Ma'sudjon Sulaymonov,
Toshkent-Pekin-Toshkent

Top