20:27 / 30.03.2016
5680

TATUda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish mavzusida davra suhbati o‘tkazildi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining 2016 yil 3 martdagi 87-03-562-sonli xatida ko‘rsatilgan buyruqlar ijrosini ta'minlash maqsadida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti AKT bo‘yicha maslahatchi prorektori Li Chul Su ishtirokida davra suhbatini tashkil etish rejalashtirildi.

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining javob xatiga asosan joriy yil 29 mart kuni soat 10:00 da Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti 2-bino anjumanlar zalida TDIU rektori M. Boltabayev boshchiligida kengash a'zolari va TATU tomonidan tayinlangan uchrashuv ishtirokchilari bilan birga ta'lim jarayonida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Uchrashuvni universitet rektori M. Boltabayev qutlov va kirish so‘zi bilan boshlagan holda Oliy ta'lim muassasalarining o‘quv jarayonini jahon ta'lim standartlari asosida takomillashtirish, zamonaviy elektron ta'lim tizimlarini joriy etish, xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik o‘rnatish va tajriba almashish xususida so‘zladi.

Shu o‘rinda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti AKT bo‘yicha maslahatchi prorektori Li Chul Su qabuldan nihoyatda mamnun ekanligini izhor etgan holda AKT ni joriy etish to‘g‘risida yangi g‘oya va takliflarni keltirib, o‘z taqdimotini havola etdi. Taqdimotda ta'lim sohasida AKTni joriy etishning 4 asosiy omili yoritib berildi, ular ta'lim sohasini istiqbollash, dars va laboratoriya xonalarini zamonaviy talablarga javob beruvchi jihozlar bilan ta'minlash, har bir professor-o‘qituvchi ilg‘or texnologiyalar asosida talabalarga ta'lim berishi, shu jumladan, har bir universitet xodimi AKTni bilishi zarurligini ta'kidlab o‘tdi.

Shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirgan holda ta'lim tizimiga AKT bo‘yicha yangiliklarni joriy etish, bu orqali xorij universitetlari ta'lim tizimidagi yangiliklarni respublikamiz universitetlariga olib kirish, fikr almashish orqali talaba va professor o‘qituvchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ta'lim tizimida raqamli ma'lumotlar bazasini yaratish haqida so‘zlab o‘tdi.

Davra suhbatining 2-taqdimoti elektron dekanat dasturiga bag‘ishlangan bo‘lib, uni TATU o‘quv ishlar bo‘yicha prorektori X. Bobomurodov olib bordi. Ta'lim tizimida elektron dekanat dasturining mohiyati va vazifalari haqida so‘zlab, mazkur dasturni internet tarmog‘i orqali on-layn tarzda taqdimot qilib berdi.

Davra suhbati taqdimotlar qismidan so‘ng talim sohasida AKTni qo‘llash mavzusiga doir bir qancha savollar berildi, jumladan:
1. O‘zbekiston va Koreyadagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining qo‘llanilish darajasi qanday?
2. Internet dasturlarining himoya tizimlari qay darajada rivojlangan?
3. Ta'lim tizimida AKT qo‘llanilishida mualliflik huquqini qanday himoyalash mumkin?

TATU vakillarining mazkur savollarga to‘liq javob va mulohazalari maqsadga muvofiq bo‘ldi.

Davra suhbati yakunida TATU vakillariga minnatdorchilik bildirilib, kelajakda hamkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish zarurati ta'kidlandi.

Top