11:00 / 31.03.2016
1639

Shtaynmayyer O‘zbekiston delegatsiyasini Berlindagi konferensiyaga taklif etdi

O‘zbekistonga 2 kunlik tashrif bilan kelgan Germaniya tashqi ishlar vaziri hamda YeHXT (Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti) raisi Frank-Valter Shtaynmayyer Islom Karimov bilan uchrashuv vaqtida o‘zbekistonliklar delegatsiyasini shu yilning 31 may - 1 iyun kunlarida Berlin shahrida o‘tkaziladigan konferensiyada ishtirok etish uchun taklif qilgan. Bu haqda Sputnik xabar berdi.

Bu konferensiyada diniy radikalizm va terrorchi tashkilot vakillari bo‘lgan jangarilarning o‘z yurtlariga qaytishi muammolariga qarshi kurashish masalalari muhokama etilishi ko‘zda tutilgan.

"Germaniya YeHXT doirasida 31 may-1 iyun kunlarida diniy radikalizmga qarshi kurash mavzusidagi konferensiyani qabul qiladi. Unga YeHXT a'zolari bo‘lgan barcha mamlakat vakillarini taklif etamiz", degan Shtaynmayyer.

"Bu mavzu keyingi teraktlardan keyin yanada dolzarblashdi", deya qo‘shimcha qilgan YeHXT raisi.

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi ma'lumotiga ko‘ra, Shtaynmayyer Markaziy Osiyo bo‘ylab safari davomida Tojikiston va Qirg‘izistonga ham borishni rejalashtirgan. U tomonlar bilan uchrashuvlarda hukumat vakillari bilan muzokaralar o‘tkazib, jamoatchilik vakillari bilan uchrashadi. Uchrashuvlarda ko‘tariladigan asosiy mavzu terrorizmga qarshi kurashdagi hamkorlik, YeHXT doirasidagi iqtisodiy hamkorlik masalalari bo‘ladi.

Top