15:42 / 06.04.2016
2501

Altsgeymer xastaligi belgilaridan forig‘ etuvchi dori topildi

Isroillik olimlar kashf etayotgan molekula sichqonlarda Altsgeymer xastaligi belgilarining butunlay yo‘qolishiga olib keldi.

Haaretz gazetasi yozishiga qaraganda, ushbu dori vositasi odamlarda ham samara berishi haqida gapirishga erta, biroq olimlar shu paytga qadar erishilgan tajriba natijalari hozirda tuzalmas hisoblangan kasallikni davolash usuli topilganligiga umid qilish mumkin, deb fikr bildirishdi.

Kasallikka qarshi yangi dori vositasi ustida Bar-Ilan Universiteti professor-kimyogari Bilha Fisher va Tel-Aviv Universitetining Tibbiyot maktabi professor-nevrologi Daniel Offen ish olib bormoqda.

Ma'lumot o‘rnida: Altsgeymer xastaligi – asosan 65 yoshdan o‘tgan odamlarda uchraydigan neyrodegenerativ kasallik. Xastalikka ilk bor 1907 yili nemis psixiatri Alois Altsgeymer tomonidan tavsif berilgan. 2006 yili dunyo bo‘yicha ushbu kasallikka chalingan 26,6 million odam qayd etilgan.

Odatda kasallik uncha sezilmaydigan belgilardan boshlanadi va bu belgilar avj olib boradi. Masalan, yaqinda bo‘lib o‘tgan voqeani eslolmaslik. Borgan sari xotira yomonlashib, nutq va kognitiv funksiyalar buziladi va bemor o‘ziga g‘amxo‘rlik qilolmaydi.

Top